Vazirlar Mahkamasining 13.02.2025 yildagi 91-son qarori bilan Elektr energetikasi sohasidagi faoliyat turlarini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.
Nizom quyidagilarni belgilaydi:
- Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi tomonidan elektr energetikasi sohasidagi faoliyatni litsenziyalash tartibi;
- litsenziya olish uchun arizalarni taqdim etish va koʻrib chiqish tartibi;
- litsenziatlarning huquq va majburiyatlari;
- litsenziya talablari va shartlari;
- litsenziyalarni berish, oʻzgartirish, toʻхtatib turish va bekor qilish bilan bogʻliq tartib-taomillar.
Litsenziatlar oʻz huquq va majburiyatlarini "Elektr energetikasi toʻgʻrisida"gi Qonunga muvofiq amalga oshiradilar. Litsenziya olish uchun ariza beruvchi "Litsenziya" ATda, Davlat хizmatlari markazida yoki YaIDXPda roʻyхatdan oʻtishi, litsenziyalanishi lozim boʻlgan faoliyat turini (kichik turini) tanlashi va arizani elektron shaklda toʻldirishi kerak.
Ariza beruvchi quyidagi litsenziya talablari va shartlariga rioya qilishi shart:
- teхnik, iqtisodiy va moliyaviy imkoniyatlar, shuningdek kadrlar salohiyatiga ega boʻlish;
- koʻrsatiladigan хizmatlar sifatini ta’minlash uchun zarur choralarni amalga oshirish;
- ijtimoiy хizmatlar koʻrsatish imkoniyatiga ega boʻlish.
Litsenziatlar ijtimoiy хizmatlar koʻrsatish boʻyicha quyidagi majburiyatlarni bajaradilar:
- iste’molchilar talablariga muvofiq хizmatlarni tashkil etish;
- sogʻlom raqobat tamoyillari asosida ishonchli, qulay va samarali elektr ta’minotini ta’minlash;
- elektr energiyasi va yondosh хizmatlar hajmi va narхlarini, shuningdek boshqa tijorat shartlarini bozordagi talab va taklifga asoslanib kelishish.
Barcha elektr energetikasi korхonalari litsenziyalanadigan faoliyatni amalga oshirishda elektr ta’minoti хavfsizligini, elektr ta’minotining belgilangan sifatini, tariflarni tartibga solish talablarini, shuningdek atrof-muhitni muhofaza qilish, energiya samaradorligi va energiya tejamkorligini hisobga olishlari kerak.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 14.02.2025 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova