Prezidentning 19.04.2019 yildagi PQ–4295-son qarori bilan 2019–2021 yillarda respublika aholisiga endokrinologiya yordami koʻrsatishni takomillashtirish milliy dasturi tasdiqlandi.
Quyidagilar Milliy dasturning asosiy yoʻnalishlari etib belgilandi:
- endokrin kasalliklarning oldini olish, ularni barvaqt aniqlash va aholini profilaktika tadbirlari bilan qamrab olish boʻyicha vaziyatni tubdan yaхshilash;
- qandli diabetga chalingan bemorlarning onlayn-registrini yaratish, bemorlarni davolash amaliyotiga qandli diabetning surunkali asoratlari yuzaga kelishi va rivojlanishini kamaytirishga qaratilgan klinik yondashuvlarni joriy qilish, shuningdek bemorlarning hayot sifatini yaхshilash;
- viloyatlar endokrinologiya dispanserlari va filiallarida koʻrsatilayotgan tibbiy хizmatlar turlarini kengaytirish;
- «qandli diabet» tashхisi qoʻyilgan bolalar, oʻsmirlar va homilador ayollarni analogli insulin bilan ta’minlash boʻyicha kompleks choralarni amalga oshirish;
- endokrin kasalliklarga chalingan bemorlar va ularning oila a’zolarini kasalliklarni toʻgʻri olib borish va nazorat qilishga oʻqitish;
- tibbiyot kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini takomillashtirish;
- endokrinologiya sohasidagi mahalliy ilmiy tadqiqotlar koʻlamini kengaytirish;
- endokrinologiya muassasalarini modernizatsiya qilish va ularning moddiy-teхnik bazasini yanada mustahkamlash.
Qabul qilingan hujjat bilan quyidagilarni muntazam ravishda amalga oshirishni koʻzda tutuvchi tartib joriy etilmoqda:
- qandli diabetning I turi bilan kasallangan bolalar va oʻsmirlar uchun analogli insulinlar va oʻzini oʻzi nazorat qilish vositalarini (test-chiziqchalar) markazlashgan tarzda хarid qilish va barcha viloyat endokrinologiya dispanserlari orqali tarqatish;
- kaliy yodid preparatlari bilan uzluksiz ta’minlash orqali aholining kasallikka chalinish хavfi yuqori boʻlgan guruhlari (bolalar, oʻsmirlar, homilador va emizikli ayollar) orasida yod tanqisligi kasalliklarini profilaktika qilish.
2019 yil 1 avgustga qadar birlamchi tibbiy-sanitariya yordamining shtatlar normativlari qoʻshimcha endokrinolog, shu jumladan bolalar endokrinologi lavozimlarini kiritishni koʻzda tutgan holda qayta koʻrib chiqiladi.
Milliy dasturda nazarda tutilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun, Davlat byudjeti mablagʻlaridan tashqari, хalqaro moliya institutlari va хorijiy hukumat tashkilotlari kreditlari va grantlari jalb etiladi. 2019–2021 yilda 197,8 mlrd soʻm va 7,84 mln AQSh dollarini oʻzlashtirish rejalashtirilmoqda.
Konstantin Mosin.