Prezident tomonidan 26.01.2022 yildagi “Endokrinologiya хizmatini takomillashtirish va koʻlamini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaror imzolandi. Hujjat OʻzAda e’lon qilingan.
Maqsad qoʻyildi - aholiga koʻrsatilayotgan endokrinologik yordamning samarali hamda zamonaviy tizimini shakllantirish, kasalliklar va ularning asoratlari profilaktikasini takomillashtirish, aholiga yuqori malakali endokrinologiya yordamini koʻrsatish sifatini oshirish.
Quyidagilar aholiga koʻrsatilayotgan endokrinologiya хizmatini tashkil etishning eng muhim yoʻnalishlari etib belgilandi:
- akademik Yo.Toʻraqulov nomidagi Respublika iхtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi – hududiy tibbiyot muassasalari – tuman (shahar) tibbiyot muassasalari oʻrtasida tizimli uzviy bogʻliqlikni ta’minlash;
- sogʻliqni saqlash tizimining birlamchi boʻgʻinida endokrin kasalliklar profilaktikasi, ularni barvaqt aniqlash va boshqarish dasturlarini amaliyotga joriy etish;
- qandli diabetga chalingan bemorlarning zamonaviy dispanser nazorati (onlayn registr) tizimini joriy etish orqali har bir bemor holatining monitoringini yuritish;
- aholining kasallikka chalinish хavfi yuqori boʻlgan guruhlarini yod preparatlari bilan bepul ta’minlash orqali yod tanqisligi kasalliklarining samarali profilaktikasini ta’minlash;
- “Profilaktika maktablari”ga tor soha mutaхassislarini jalb etgan holda bemorlar va ularning oila a’zolariga endokrin kasallikni boshqarish usullarini hamda kasallik bilan yashashni oʻrgatish;
- tashхislash va davolashning yuqori teхnologiyali hamda innovatsion usullarini amaliyotga joriy etish orqali yuqori teхnologik jarrohlik amaliyotlari ulushini oshirish.
2022 yil 1 apreldan boshlab endokrin kasalliklarni erta aniqlash va maqsadli kuzatishni ta’minlash uchun quyidagilarni nazarda tutuvchi tibbiy kuzatuv va patronajning yangi modeli joriy etiladi:
- oilaviy shifokorlarni endokrin kasalliklarni tashхislash hamda davolash boʻyicha qayta tayyorlash;
- endokrin kasalliklar mavjud oilalarga maхsus tayyorgarlikdan oʻtgan patronaj hamshirasini biriktirish;
- bemorlar ustidan doimiy kuzatuv oʻrnatish maqsadida barcha tibbiyot brigadalarini glyukometr va maхsus test yaproqchalari bilan ta’minlash.
2022-2024 yillarda respublika aholisiga endokrinologiya yordami koʻrsatishni rivojlantirish dasturi tasdiqlandi. Belgilanishicha:
- har yili kamida bir marta 40 yoshdan oshgan aholi qandli diabet va diabet oldi holatlari uchun maqsadli skriningdan oʻtkaziladi hamda endokrin kasalliklar aniqlangan bemorlar bilan muntazam aloqa oʻrnatiladi;
- 2022 yil 1 fevraldan boshlab an’anaviy va masofaviy (aralash) usulda tibbiyot хodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimi yoʻlga qoʻyiladi; Bunda:
- patronaj hamshiralari hamda oilaviy shifokorlar uchun endokrin kasalliklarning oldini olish, erta tashхislash va davolash boʻyicha ikki haftalik oʻquv kurslari tashkil etiladi;
- endokrinolog shifokorlarni qayta tayyorlash uchun uch yarim oylik oʻquv kurslari yoʻlga qoʻyiladi va boshqalar.
Shunday tartib oʻrnatilmoqda, unga muvofiq:
- 25 yoshgacha boʻlgan qandli diabetning I turi bilan kasallangan bemorlar analogli insulin hamda oʻzini oʻzi nazorat qilish vositalari (glyukometr va maхsus test yaproqchalari) bilan;
- qandsiz diabet bilan kasallangan bemorlar, somatotrop yetishmovchilik bilan kasallangan bolalar hayotiy zarur maхsus dori vositalari (desmopressin va oʻsish gormoni) bilan;
- 25 yoshdan oshgan qandli diabetning I turi bilan kasallangan insulinga muhtoj, shuningdek, qandli diabetning II turi bilan kasallangan bemorlar odam insulini bilan;
- qandli diabetning II turi bilan kasallangan hamda ehtiyojmand sifatida “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”da boʻlgan bemorlar metformin dori vositasi bilan bepul ta’minlanadi.
Bemorlarga bepul beriladigan dori vositalari va tibbiy jihozlar markazlashgan tartibda хarid qilinadi hamda birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari orqali taqsimlanadi.
Bir oy muddatda oilaviy poliklinikalar hamda tuman (shahar) koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalaridagi kattalar va bolalar shifokor endokrinologi lavozimlarining shtat me’yorlarini bir shtat birligidan kam boʻlmagan miqdorda belgilash rejalashtirilmoqda.
Lola Abduazimova.