Vazirlar Mahkamasining 23.08.2021 yildagi “Hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha sektorlar faoliyati samaradorligini baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 536-son qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan Hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha sektorlar faoliyati samaradorligini baholash tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi. Unga asosan:
- Prezident huzuridagi Davlat хizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan sektorlarni baholash bir yilda bir marotaba -hisobot yilidan keyingi yilning 1 fevraliga qadar amalga oshirilib, uning natijalari Prezident Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasiga taqdim etiladi;
- baholash natijalariga koʻra: tuman, shahar sektorlari oʻrtasida respublika darajasida - “Eng namunali sektor” hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri darajasida - “Eng tashabbuskor sektor” nominatsiyalari boʻyicha gʻoliblar aniqlanadi va ragʻbatlantiriladi.
Ikki oy muddatda sektorlar faoliyati samaradorligi koʻrsatkichlarini hisoblash va baholash boʻyicha “sektor.reyting.uz” avtomatlashtirilgan onlayn aхborot tizimi ishlab chiqiladi va ishga tushiriladi.
Baholash natijalari boʻyicha respublika darajasida - “Eng namunali sektor” nominatsiyasida gʻolib boʻlgan sektorlar quyidagi miqdorda ragʻbatlantiriladi:
- 1-oʻrin uchun - BHMning 500 baravari miqdorida;
- 2-oʻrin uchun - BHMning 400 baravari miqdorida;
- 3-oʻrin uchun - BHMning 300 baravari miqdorida pul mablagʻi.
Qoraqalpogiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri darajasida - “Eng tashabbuskor sektor” nominatsiyasida gʻolib boʻlgan sektorlar quyidagi miqdorda ragʻbatlantiriladi:
- 1-oʻrin uchun - BHMning 200 baravari miqdorida;
- 2-oʻrin uchun - BHMning 150 baravari miqdorida;
- 3-oʻrin uchun - BHMning 100 baravari miqdorida pul mablagʻi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 24.08.2021 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova.
Ma’lumot uchun: Oʻzbekiston hududi kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha sektorlarga boʻlingan (8.08.2017 yildagi PQ-3182-son qaror).