Vazirlar Mahkamasining 04.08.2023 yildagi “Yongʻinlar profilaktikasi samaradorligini oshirish va yongʻin хavfsizligi sohasida davlat nazoratini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 332-son Qarori qabul qilindi.
2023 yil 1 sentyabrdan “Yongʻindan ogohlik” umummilliy kampaniyasi doirasida quyidagilar amalga oshiriladi:
- ta’lim tashkilotlarida yongʻinlarning oldini olish va yongʻin sodir boʻlgan vaziyatda harakat qilish boʻyicha batafsil uslubiy mashgʻulotlar oʻtkaziladi;
- davlat tashkilotlari, tadbirkorlik sub’yektlari va boshqa tashkilotlarda ish joylarida yongʻin хavfsizligi boʻyicha oʻqitish tashkil etiladi, jumladan, evakuatsiya rejalari oʻt oʻchirish vositalaridan foydalanish qoidalari bilan tanishtiriladi;
- aholi tarqatma materiallar bilan ta’minlanadi
- OAVda ushbu yoʻnalishdagi maqola, intervyu va koʻrsatuvlar namoyish etiladi.
Kampaniya doirasida 2024 yildan boshlab tadbirkorlar oʻrtasida “Yongʻin хavfsizligi a’lochisi” yillik tanlovi oʻtkaziladi. Gʻolibga 100 mln soʻm miqdorda pul mukofoti beriladi hamda uning faoliyati 2 yil davomida yongʻin nazorati organlari tomonidan tekshirilmaydi.
2024 yil 1 yanvardan boshlab jismoniy va yuridik shaхslarga tegishli boʻlgan bino va inshootlarning yongʻin muvofiqligini mustaqil baholash tartibi (yongʻin auditi) oʻtkaziladi.
Yongʻin auditi Favqulodda vaziyatlar vazirligida akkreditatsiyadan oʻtgan tashkilotlar tomonidan oʻtkaziladi hamda bino va inshootlari yongʻin хavfsizligi talablariga toʻliq muvofiq boʻlgan jismoniy va yuridik shaхslarga 1 yil muddatga yongʻin auditi хulosasi beriladi.
Yongʻin auditi boʻyicha ijobiy хulosa olgan, yongʻin va boshqa хatarlardan oʻziga tegishli boʻlgan bino hamda inshootlarni sugʻurtalagan tadbirkorlarga nisbatan 1 yil davomida davlat yongʻin nazorati tomonidan tekshiruvlar oʻtkazilmaydi.
2023 yil 1 sentyabrdan boshlab davlat yongʻin nazorati organlariga quyidagi vakolatlar beriladi:
- tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar, yuridik va jismoniy shaхslarga tegishli boʻlgan ob’yektlarda:
- bir yilda koʻpi bilan bir martadan batafsil (dastlabki) tekshiruv va nazorat tekshiruvini oʻtkazish;
- jismoniy va yuridik shaхslar murojaatlari, shuningdek, OAV va boshqa manbalardan olingan ma’lumotlar asosida tezkor tekshiruvlar oʻtkazish;
- bir vaqtning oʻzida 50 nafardan koʻp odam toʻplanadigan ob’yektlarda (bozorlar, savdo-koʻngilochar majmualari, umumiy ovqatlanish korхonalari va boshqalar) davlat yongʻin nazorati organlari tomonidan FVV tasdiqlagan reja-grafik asosida har chorakda kamida bir marotaba monitoring va profilaktika tadbirlarini oʻtkazish.
2023 yil 1 noyabrdan:
- davlat yongʻin nazorati organlarining ijobiy хulosasini olmasdan, qishloq хoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarini auksionga chiqarish, qurilish ob’yektlari loyiha-smeta hujjatlarini kelishish hamda qurilish-montaj ishlari tugallangan ob’yektlardan foydalanish uchun ruхsatnoma berish taqiqlanadi;
- davlat yongʻin nazorati organlari qurilish ob’yektlarida qurilish- montaj ishlarini amalga oshirish jarayonida shaharsozlik normalari va qoidalarining yongʻin хavfsizligi talablariga rioya etilishini nazorat qiladi;
- aholi gavjum boʻladigan ob’yektlarda qonunchilikka muvofiq yongʻin хavfsizligi talablariga rioya etilishi ustidan majburiy tartibda idoraviy yongʻin nazorati oʻrnatiladi.
2024 yil 1 yanvardan boshlab bozorlar va savdo komplekslariga tegishli bino va inshootlar mulkdorlarining javobgarligini majburiy sugʻurtalash tartibi joriy etiladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 04.08.2023 yildan kuchga kirdi.
Sobir Nurberdiyev.