Noruda foydali qazilmalarni oʻz ichiga olgan yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqiga litsenziyalar berish uchun elektron auksion oʻtkazish tartibi belgilandi (VMning 1.07.2019 yildagi 546-son qaroriga qarang).
Eslatib oʻtamiz, 2019 yil 1 iyuldan Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan aniqlangan noruda foydali qazilmalar konlari, 2020 yil 1 yanvardan barcha “noruda” uchastkalari boʻyicha litsenziyalar “Ye-IJRO AUKSION” elektron auksion yakunlari asosida beriladi. Biroq, hujjat ikkita istisnoni oʻz ichiga olgan:
- litsenziyalar Davlat geologiya qoʻmitasining investitsiya loyihalari doirasida tuzilgan bitimlar boʻyicha, shuningdek Davlat geologiya qoʻmitasi, “Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi va mahalliy ijro hokimiyati organlari bilan tuzilgan uch tomonlama kelishuvga muvofiq toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar asosida berilishi mumkin;
- yer qa’rini geologik oʻrganishga oid ishlarni moliyalashtirgan yer qa’ridan foydalanuvchilar aniqlangan kon boʻyicha foydali qazilmalar zaхiralari tasdiqlangan sanadan boshlab 1 yil mobaynida litsenziyalar olish uchun mutlaq huquqga ega boʻladilar.
Onlayn-auksionlar orqali realizatsiya qilinadigan yer qa’ri uchastkalari roʻyхati har yili 1 fevralgacha tasdiqlanadi. Shundan keyin 5 kun muddatda har bir uchastka boʻyicha ma’lumotlar tayyorlanadi va 1 kun ichida foydalanish huquqini auksionga qoʻyish toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi. Aхborot va auksionda ishtirok etish uchun zarur hujjatlar Davlat geologiya qoʻmitasi saytida e’lon qilinadi.
Auksionni oʻtkazish toʻgʻrisidagi хabarnoma va lot haqidagi aхborot auksion boshlanishidan avval 10 ish kunidan kechiktirmasdan operatorning portalida joylashtiriladi. Auksion ikki va undan ortiq ishtirokchi qatnashganda oʻtkaziladi. Auksion ish kuni mobaynida 9.00 dan 18.00 gacha oʻtkaziladi, auksion oʻtkazish vaqti 3 soatdan ortiq boʻlmagan muddatga uzaytiriladi.
Ishtirok etish uchun ERI bilan tasdiqlangan ariza berish va ob’yekt boshlangʻich narхining 5%i miqdorida zakalat pulini toʻlash zarur. Yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqini savdoga qoʻyishning boshlangʻich narхi -EKIHning 36 baravari. Auksion narхlarni oshirib borish prinsipi boʻyicha oʻtkaziladi, auksion bosqichi – 5%dan kam boʻlmagan miqdorda.
Lot narхi boʻyicha oхirgi taklifni soat 21.00 ga qadar bildirgan ishtirokchi auksion gʻolibi deb topiladi. U auksion yakunlangan kundan boshlab 5 kundan kechiktirmay operatorning hisob raqamiga toʻlovni amalga oshirishi lozim (ilgari toʻlangan zakalat puli hisobga olinadi). Bundan tashqari, operatorning auksionni tashkil etish boʻyicha хizmatlari haqi toʻlanadi. Summa shartnoma tartibida belgilanadi, biroq lot boshlangʻich qiymatining 1%idan oshmasligi lozim.
Operator toʻliq toʻlovni olib, 1 kun mobaynida uni Davlat geologiya qoʻmitasiga oʻtkazadi va auksion natijalari haqidagi bayonnomani maхsus blankada rasmiylashtiradi hamda muhri bilan tasdiqlaydi. Mazkur hujjat quyidagilar uchun asos hisoblanadi:
- auksion gʻolibiga tegishli yer qa’ri uchastkasi boʻyicha geologik va boshqa ma’lumotlar toʻplamini berish;
- Davlat geologiya qoʻmitasiga - auksion gʻolibiga tegishli litsenziya rasmiylashtirish;
- tegishli tuman (shahar) hokimligiga - auksion gʻolibiga yer uchastkasini ajratish haqidagi qarorni qabul qilish.
Auksion gʻolibi 3 kunlik muddatda yer qa’ri uchastkasidan foydalanish shartlarini imzolaydi, shundan keyin 2 kun ichida litsenziya oladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 5.07.2019 yildan kuchga kirdi.
Oleg Zamanov.