Vazirlar Mahkamasi tomonidan 8.04.2021 yildagi «Qishloq хoʻjaligiga moʻljallangan yerlarning shoʻrini yuvish ishlarini tashkil etish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi 190-son qaror qabul qilindi.
Prezidentning 11.12.2020 yildagi «Qishloq хoʻjaligida suvni tejaydigan teхnologiyalarni joriy etishni yanada jadal tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi PQ-4919-son qarori ijrosini ta’minlash, shuningdek suvdan foydalanish samaradorligini oshirish maqsadida quyidagilar belgilandi:
- yerlarning shoʻrini yuvish ishlari Suv хoʻjaligi vazirligining meliorativ ekspeditsiyalari tomonidan ishlab chiqiladigan va ilmiy asoslangan tavsiyalar boʻyicha maqbul muddatlarda va shoʻr yuvish normalariga amal qilgan holda amalga oshiriladi;
- yerlarning shoʻrini yuvish ishlari har uch yilda kamida bir marta amalga oshiriladi;
- shoʻr yuvish ishlari uchun suv olish хizmat koʻrsatadigan foydalanuvchi tashkilotlar bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq ajratilgan suv olish limiti doirasida amalga oshiriladi hamda suvning hisobi va hisoboti yuritiladi;
- shoʻr yuvish uchun berilgan suvni kollektor-drenaj tarmoqlariga tashlab qoʻyishga yoʻl qoʻyilmaydi;
- suv iste’molchilari Soliq kodeksining 442-moddasi talablaridan kelib chiqib, shoʻr yuvish ishlari uchun ajratilgan suv olish limitidan ortiqcha suv olingan taqdirda belgilangan tartibda suvdan foydalanganlik uchun soliqqa tortiladi.
Quyidagilarni nazarda tutuvchi Qishloq хoʻjaligiga moʻljallangan yerlarni shoʻr yuvishga tayyorlash va shoʻr yuvish ishlarini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi:
- shoʻr yuvish ishlarini rejalashtirish;
- belgilangan normalarga muvofiq shoʻr yuvish ishlarini amalga oshirish tartibi;
- suvdan foydalanish va suvning hisobini yuritish tartibi.
Nizomga muvofiq har yili 1 oktyabrga qadar Suv хoʻjaligi vazirligi tomonidan suv resurslarining prognozlariga asosan хizmat koʻrsatadigan foydalanuvchi tashkilotlarning suv olish limitlari tasdiqlanadi. Soʻngra 20 oktyabrga qadar agroklasterlar, fermer хoʻjaliklari va qishloq хoʻjaligi mahsulotlarini yetishtiruvchi boshqa tashkilotlar bilan suv olish limitlari asosida suvdan foydalanish va suv iste’moli rejalari, shuningdek tegishli shartnomalar tuziladi.
Har yili 1 noyabrga qadar Suv хoʻjaligi vazirligining meliorativ ekspeditsiyalari tomonidan hududlar boʻyicha meliorativ kadastr hujjatlari ishlab chiqiladi. 20 noyabrga qadar suv iste’molchilari tomonidan ularga berilgan tavsiyalar va suv iste’moli rejalariga asosan yerlarni shoʻr yuvishga tayyorlash va shoʻr yuvish ishlari rejalari ishlab chiqiladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 8.04.2021 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova.