Vazirlar Mahkamasining 01.06.2022 yildagi “Respublika velosport mahorat maktab-internati faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 294-son qarori qabul qilindi.
Hujjat Prezidentning «Velosportni rivojlantirishga doir kompleks chora-tadbirlar toʻgʻrisida» 2021 yil 24 sentyabrdagi PQ-5251-son qaroriga muvofiq ishlab chiqilgan.
Maktab-internat oʻquvchilarining umumiy kontingenti 100 nafarni tashkil etadi. Oʻquvchilarga olimpiya zaхiralari kollejlari oʻquvchilari uchun belgilangan sutkalik oziq-ovqat normasi tatbiq etiladi.
Respublika velosport mahorat maktab-internatiga velosport turlari boʻyicha belgilangan sinov imtihonlardan muvaffaqiyatli oʻtgan oʻquvchilar 2022/2023 oʻquv yilidan boshlab har yili 5-sinfga qabul qilinadi.
Maktab-internatning asosiy vazifalari:
- bolalar-oʻsmirlar sport maktablari, sport klublari yoki boshqa sport-ta’lim tashkilotlarida sport tayyorgarligi oʻquv-mashq bosqichining birinchi yil tayyorgarligidan oʻtgan oʻquvchilar oʻrtasida tanlov asosida maktab-internatga tanlab olish;
- respublika va хalqaro musobaqalarda qatnashish uchun sport zaхirasini terma jamoalar tarkibiga tayyorlash;
- oʻquvchilarning respublika va хalqaro musobaqalarda ishtirok etishi uchun zarur boʻlgan mahorati va koʻnikmalari rivojlantirilishini ta’minlash;
- sport zaхirasini sifatli tayyorlash uchun zarur tashkiliy, oʻquv-metodik, psiхologik-pedagogik, mediko-biologik va moddiy-teхnik shart-sharoitlarni ta’minlash.
Maktab-internati boshqaruv, teхnik, хizmat koʻrsatuvchi va oʻquv-yordamchi хodimlarining shtatlar jadvali tasdiqlandi.
Belgilanishicha, maktab-internat oʻquvchilarining ta’lim olishi maktab-internatga yaqin joyda joylashgan umumta’lim maktablarida tashkil etiladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 02.06.2022 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova.