Vazirlar Mahkamasi 11.09.2020 yildagi “Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” 550-son qarorni qabul qildi.
Hujjat Prezidentning “Oʻzbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini tubdan isloh qilish va yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020 yil 30 iyundagi PF-6017-son Farmoni hamda “Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida” 2020 yil 30 iyundagi PQ-4768-son qaroriga muvofiq ishlab chiqilgan.
Nizom Agentlikning asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlarini belgilaydi:
- yoshlar bilan bogʻliq soha va yoʻnalishlarda yagona davlat siyosatini, strategik yoʻnalishlar va davlat dasturlarini ishlab chiqish hamda amalga oshirish;
- mamlakatimizda yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlash;
- yoshlar siyosati sohasidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish;
- yoshlarni Vatanga sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, oʻsib kelayotgan yosh avlodni ilm-fan va innovatsiyalarga keng jalb etish;
- yoshlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, yoshlar orasida huquqbuzarliklar va jinoyatlarni bartaraf etishda faol ishtirok etish;
- yoshlarga oid dasturlar, loyihalar va ilmiy-tadqiqot ishlarini moliyalashtirish uchun ijtimoiy buyurtma shaklida ajratiladigan davlat grantlari va subsidiyalarni taqsimlash, ulardan maqsadli va samarali foydalanilishini ta’minlash;
- tarbiya muassasalarini tamomlagan yetim va ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan yoshlarning ijtimoiy-huquqiy himoyasini tashkil etish va bandligini ta’minlash.
Shuningdek, hujjatda:
- Agentlikning huquqiy maqomi va tuzilmasi;
- Agentlik rahbarlarining asosiy funksional vazifalari, shu jumladan, direktor oʻrinbosarlarining soha yoʻnalishlari boʻyicha asosiy vazifalari hamda javobgarligi;
- Agentlik faoliyatining tashkiliy asoslari, hisobdorligi, faoliyat samaradorligini baholash mezonlari, hay’at va maslahat, konsultativ va ekspert organlarining huquqiy maqomi;
- Agentlik faoliyatini moliyalashtirish va uning хodimlarini moddiy ragʻbatlantirish tartibi bayon etilgan.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 12.09.2020 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova.