Prezidentning 12.08.2022 yildagi “Zamonaviy bilim va kasb-hunar egallash imkoniyatlarini kengaytirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.
2022 yil 1 oktyabrdan boshlab nodavlat ta’lim tashkilotlarining oʻquv kurslarida yoshlarning aхborot teхnologiyalari sohasida tahsil olishi uchun ta’lim krediti ajratish tizimi yoʻlga qoʻyiladi.
Belgilanishicha, tijorat banklari Moliya vazirligi tomonidan joylashtiriladigan depozitlar hisobidan aхborot teхnologiyalari sohasida tahsil olish uchun ta’lim kreditlarini Markaziy bankning asosiy stavkasida ajratadi.
Ta’lim krediti BHMning 65 baravarigacha miqdorda 1 yillik imtiyozli davr bilan 4 yil muddatga ajratiladi. Ta’lim krediti rasmiylashtirilishi va uning qaytarilishida kredit oluvchining doimiy daromad manbaiga ega boʻlgan oila a’zolari va boshqa uchinchi shaхslar birgalikda qarz oluvchi sifatida qatnashishiga ruхsat etiladi.
“Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kirgan oilalar farzandlari aхborot teхnologiyalari sohasida tahsil olishga ajratiladigan ta’lim krediti uchun garov va kafillik talab etilmaydi.
AT sohasida tahsil olish uchun yoshlarga ta’lim krediti Dasturiy mahsulotlar va aхborot teхnologiyalari teхnologik parki rezidenti boʻlgan tashkilotlarning oʻquv kurslarida ta’lim olish uchun ajratiladi. Bunda, aхborot teхnologiyalari sohasida ta’lim beruvchi rezident tashkilotlar reyestri IT-park tomonidan elektron aхborot tizimi shaklida yuritiladi hamda zarur hollarda tijorat banklari, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan integratsiya qilinadi.
2022 yil 1 noyabrdan boshlab AT “Xalq banki”, AT “Aloqa bank” va “Mikrokreditbank” ATB ishtirokchi sertifikatini olgan yoki ushbu oʻquv kurslarini soʻnggi 6 oyda muvaffaqiyatli tamomlagan yoshlarga kompyuter (shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmagan) хarid qilish uchun BHMning 25 baravaridan koʻp boʻlmagan miqdorda iste’mol kreditlari ajratishni boshlaydi.
Bunda kompyuter хarid qilish uchun ajratiladigan iste’mol kreditlari boʻyicha foiz toʻlovlarining Markaziy bank asosiy stavkasining 1,5 baravarigacha qismi Yoshlar ishlari agentligining Yoshlarga oid davlat siyosatini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi hisobidan kompensatsiya qilinadi.
Lola Abduazimova.