Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 26.02.2024 yildagi PQ-39-sonli “Soliqqa oid ayrim huquqbuzarliklar uchun javobgarlik choralarini maqbullashtirish toʻgʻrisida”ga Qaror imzolandi.
Quyida koʻrsatilgan tartib-qoidalarga oid huquqbuzarliklar uchun moliyaviy jarimalar belgilandi:
- fiskal belgilarni aks ettirish;
- avtomatlashtirilgan hisobga olish oʻlchov vositalari bilan jihozlash;
- soliq organlarining aхborot tizimlari bilan integratsiya qilinishni ta’minlash;
- tovarlarni (mahsulotlarni) ishlab chiqaruvchilar, import qiluvchilar va sotuvchilar tomonidan identifikatsiya vositalari orqali majburiy raqamli markirovkalash qoidalarini buzganlik uchun quyidagi moliyaviy jarima miqdori belgilanadi:
● huquqbuzarlik birinchi marta sodir etilanda – realizatsiya amalga oshirilgan oхirgi hisobot choragida olingan sof tushumning 2 foizi;
● huquqbuzarlik moliyaviy jarima qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilganda – realizatsiya amalga oshirilgan oхirgi hisobot choragida olingan sof tushumning 20 foizi.
2024 yil 27 fevralga qadar fiskal tartib-qoidalarga oid huquqbuzarliklar uchun qoʻllanilgan moliyaviy jarimalar boʻyicha mavjud qarzdorlikning 98 foizi hisobdan chiqariladi va hisobdan chiqarilgan qarzdorlikni undirish bilan bogʻliq sud va ijro ishlari tugatiladi (Soliq qoʻmitasiga fiskal tartib-qoidalarga oid huquqbuzarliklar uchun undirilgan jarima summalarini kelgusi toʻlovlar hisobiga belgilangan tartibda tadbirkorlik sub’yektlariga qaytarishni ta’minlash topshirildi).
Soliq kodeksiga mazkur Farmondan kelib chiqib, tegishli oʻzgartirishlar kiritilgunga qadar fiskal tartib-qoidalarga oid huquqbuzarliklar uchun moliyaviy jarimalar va ma’muriy jazo choralari qoʻllanilmaydi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 27.02.2024 yildan kuchga kirdi.
Sobir Nurberdiyev