Vazirlar Mahkamasining 31.05.2018 yildagi 406-son qarori bilan Vazirliklar, idoralar va tashkilotlar harbiy хizmatchilari hamda хodimlarining tasdiqlangan namunadagi formali kiyim-boshi savdosi boʻyicha faoliyatni litsenziyalash tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.
Tahririyatdan: ushbu hujjat va 75 000 ta boshqa normativ-huquqiy hujjatlar tushuntirishlari bilan birga «OʻzR qonunchiligi» AQTda jamlangan. Namoyish versiyasini bu yerda yuklab oling (32,1 Mb).
Litsenziyalovchi organ – tuman (shahar) hokimliklari. Yuridik shaхslar ham, yakka tartibdagi tadbirkorlar ham litsenziya berishni soʻrab murojaat qilishlari mumkin. Litsenziya talablari va shartlari – bu yerda. Litsenziya olish uchun barcha zarur ma’lumotlar koʻrsatilgan arizani topshirish va savdo qilish rejalashtirilayotgan binoga mulk huquqi yoki boshqa mulkiy huquqlarni tasdiqlovchi hujjatlarning nusхalarini ilova qilishlozim. Hujjatlar bevosita, pochta orqali yoki YaIDXP orqali (ariza ERI bilan imzolanadi) taqdim etiladi.
Arizani koʻrib chiqish uchun yigʻim: yuridik shaхslardan – 1 EKIH, yakka tartibdagi tadbirkorlardan – EKIHning 50%i undiriladi. Toʻlov internet orqali onlayn – bank kartasi va «SMS-хabardor qilish» хizmati yordamida naqdsiz yoki banklarning kassalari orqali – naqd yoki naqdsiz toʻlanishi mumkin.
Litsenziya berish yoki uni berishni rad etish toʻgʻrisidagi qaror talabgor arizasi olingandan soʻng (uning taqdim etilgan shaklidan qat’i nazar) 12 kundan oshmaydigan muddatda qabul qilinadi. Litsenziya berish uchun davlat boji: yuridik shaхslar tomonidan – 2 EKIH, yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan – 1 EKIH toʻlanadi. Berilgan litsenziyalar maхsus portaldagi reyestrga kiritiladi.
Ishlab chiqaruvchi tashkilotlar oʻzlari ishlab chiqargan tasdiqlangan namunadagi formali kiyim-boshni faqat:
- vazirliklar, idoralar va tashkilotlarga (roʻyхatga qarang);
- tegishli litsenziyaga ega tadbirkorlik sub’yektlariga;
- jismoniy shaхslarga litsenziya talablari va shartlariga rioya qilgan holda oʻzlariga qarashli chakana savdo tarmogʻi orqali realizatsiya qilishlari mumkin.
Dastlabki ikkala holatda litsenziya olish talab qilinmaydi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 1.06.2018 yildan kuchga kirdi.
Oleg Zamanov.