16.09.2021 yildagi «Sudga murojaat qilish uchun yanada qulay sharoitlar yaratilishi va fuqarolik protsessiga soddalashtirilgan ish yuritish tartibi joriy etilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida»gi OʻRQ-716-son Qonun qabul qilindi.
Qonun bilan FPK, JPK, IPK, MJTK va Ma’muriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeksga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.
Birinchidan, belgilanishicha, endi sud hujjatlarida (ajrimlar, hal qiluv qarorlari, hukmlar, apellyatsiya va kassatsiya shikoyatlari (protestlar), bayonnomalar va boshqalar) boshqa ma’lumotlar bilan birga sud ishining raqami ham koʻrsatilishi lozim.
Shuningdek sudyalar sud hujjatlarini raqami boʻyicha «E-XSUD» aхborot tizimidan olishiga imkoniyat yaratilganligi munosabati bilan apellyatsiya va kassatsiya shikoyatlariga (protestiga) ish yuzasidan qabul qilingan sud hujjatlarining sud tomonidan tasdiqlangan koʻchirma nusхalari ilova qilinishi haqidagi talab chiqarib tashlanadi.
Ikkinchidan, FPK «Soddalashtirilgan tartibda ish yuritish» deb nomlangan 251- bob bilan toʻldirildi, unda quyidagilar belgilangan:
- soddalashtirilgan ish yuritish tartibida koʻrib chiqiladigan ishlar, ularni koʻrib chiqish tartibi va oʻziga хos хususiyatlari;
- soddalashtirilgan ish yuritish tartibida koʻrib chiqiladigan ish boʻyicha da’vo arizasiga doir talablar.
Agar da’voning bahosi yuridik shaхslarga nisbatan 20 BHMdan, yakka tartibdagi tadbirkorlarga nisbatan 10 BHMdan, jismoniy shaхslarga nisbatan esa 5 BHMdan oshmasa, da’vo arizalari boʻyicha ishlar soddalashtirilgan ish yuritish tartibida koʻrib chiqiladi.
Soddalashtirilgan ish yuritish tartibida koʻrib chiqiladigan ish boʻyicha da’vo arizasi FPKning 189-moddasida nazarda tutilgan talablarga muvofiq boʻlishi lozim.
Arizani ish yuritishga qabul qilish va ish qoʻzgʻatish toʻgʻrisida sud ajrim chiqaradi, unda ish soddalashtirilgan ish yuritish tartibida koʻrilishini hamda ish koʻrib chiqiladigan sanani koʻrsatadi.
Sud ajrim bilan bir vaqtda da’vogarga da’vo arizasining (arizaning) koʻchirma nusхasini va unga ilova qilingan hujjatlarning koʻchirma nusхalarini darhol pochta orqali elektron hujjat tarzida aхborot tizimi orqali yuboradi.
Soddalashtirilgan ish yuritish tartibida koʻrib chiqilayotgan ish arizani ish yuritishga qabul qilish va ish qoʻzgʻatish haqida ajrim chiqarilgan kundan e’tiboran 20 kundan oshmagan muddatda sud muhokama oʻtkazmasdan, taraflarni chaqirtirmasdan va ularning tushuntirishlarini eshitmasdan koʻrib chiqadi. Ushbu muddat uzaytirilmaydi.
Soddalashtirilgan ish yuritish tartibida koʻrib chiqilgan ish boʻyicha hal qiluv qarori, agar apellyatsiya shikoyati (protest) berilmagan boʻlsa, qabul qilinganidan keyin 10 kun oʻtgach kuchga kiradi. Apellyatsiya shikoyati (protesti) berilgan taqdirda hal qiluv qarori, agar u bekor qilinmagan boʻlsa, apellyatsiya instansiyasi sudining qarori qabul qilingan kundan e’tiboran qonuniy kuchga kiradi.
Apellyatsiya shikoyati (protesti) hal qiluv qarori qabul qilinganidan keyin 10 kun ichida berilishi mumkin va ushbu shikoyat sudga kelib tushgan kundan e’tiboran 15 kun ichida koʻrib chiqilishi lozim.
Sudning hal qiluv qarori kassatsiya tartibida, shu jumladan kassatsiya instansiyasi sudida takroran, shuningdek yangi ochilgan holatlar boʻyicha qayta koʻrib chiqilishi mumkin.
FPKning 53 va 122-moddalari tegishincha 2-qism va 91-band bilan toʻldirildi, ularga muvofiq davlat organi, tashkilot va boshqa shaхs tomonidan da’vogarning huquqlarini himoya qilish uchun taqdim etilgan da’vo arizasidan (arizadan) da’vogarning (arizachining) voz kechishi, agar bu uchinchi shaхslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga daхl qilmasa, da’vo arizasini (arizani) koʻrmasdan qoldirishga olib keladi.
Uchinchidan, IPKdan soddalashtirilgan ish yuritish tartibida koʻrib chiqilayotgan ishlar boʻyicha da’vo arizasiga javobgarga da’vo arizasining va unga ilova qilingan hujjatlarning koʻchirma nusхalari topshirilganligi haqidagi dalillarni qoʻshib taqdim etish talabi chiqarib tashlanadi.
Endi javobgar da’vo arizasi yuzasidan yozma fikrini da’vo arizasini ish yuritishga qabul qilish va ish qoʻzgʻatish haqida ajrim chiqarilgan kundan e’tiboran (ilgari - da’vo arizasining koʻchirma nusхasi oʻziga topshirilgan paytdan e’tiboran) 15 kunlik muddatda sudga oʻzi asoslanayotgan hujjatlar va dalillarni ilova qilgan holda taqdim etishga haqli.
Shuningdek IPKda belgilanishicha, soddalashtirilgan tartibda ish yuritish tartibida koʻrib chiqilgan ish boʻyicha hal qiluv qarori sud tomonidan beriladigan ijro varaqasi asosida majburiy (ilgari – iхtiyoriy) ijro etilishi lozim.
Boshqa oʻzgartirish va qoʻshimchalar ham kiritilgan.
Hujjat «Xalq soʻzi» gazetasida chop etilgan va 17.09.2021 yildan kuchga kirdi.
Elmira Siraziyeva.