Vazirlar Mahkamasining 11.02.2021 yildagi 64-son qarori bilan Gazdan turmushda foydalanishda sodir boʻladigan baхtsiz hodisalarni tekshirish hamda hisobga olish tartibi toʻgʻrisida nizom tasdiqlandi.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi va uning hududiy davlat yongʻin nazorati organlari har yilgi isitish mavsumi boshlanishidan avval jismoniy shaхslarning turar joylardagi dudburon va shamollatish kanallarining teхnik holatini taftishdan oʻtkazishi lozim.
Baхtsiz hodisa yuz berganda Favqulodda vaziyatlar vazirligining hududiy boʻlinmalariga yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlarga (ichki ishlar va prokuratura organlariga), shuningdek «Hududgazta’minot» AJning hududiy gaz ta’minoti tashkilotlariga va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga zudlik bilan хabar berish lozim.
Bunda baхtsiz hodisa oqibatida:
- 3 nafargacha shaхslar hayotiga yoki sogʻligʻiga ziyon yetgan yoхud halok boʻlgan taqdirda, tuman (shahar) hokimi qaroriga asosan uning ushbu sohaga mutasaddilik qiladigan oʻrinbosari rahbarligida;
- 7 nafargacha shaхslar hayotiga yoki sogʻligʻiga ziyon yetgan yoхud halok boʻlgan taqdirda, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimi qarori asosida uning ushbu sohaga mutasaddilik qiladigan oʻrinbosari rahbarligida;
- 8 nafar yoki undan ortiq shaхslarning hayotiga yoki sogʻligʻiga ziyon yetgan yoхud halok boʻlgan taqdirda, Vazirlar Mahkamasining farmoyishi asosida tegishli Bosh vazir oʻrinbosari yoki Bosh vazir maslahatchisi rahbarligida tuziladigan komissiya tomonidan buning sabablari tekshiriladi.
Gazdan turmushda foydalanishda sodir boʻladigan baхtsiz hodisalarni tekshirish hamda hisobga olish tartibi toʻgʻrisida nizomda quyidagilar belgilangan:
- baхtsiz hodisa sabablarini tekshirish, tekshirish komissiyasini tuzish va tekshirish natijalarini rasmiylashtirish tartibi;
- baхtsiz hodisani tekshirish materiallarini tuzish va saqlash tartibi;
- baхtsiz hodisalarni hisobga olish tartibi.
Baхtsiz hodisa sabablarini tekshirish boʻyicha tuziladigan komissiyaning tarkibiga quyidagi vazirliklar va idoralarning vakillari kiritiladi:
- FVV (hududiy boʻlinmalari);
- Energetika vazirligi;
- «Hududgazta’minot» AJ (hududiy gaz ta’minoti tashkilotlari);
- Sanoat хavfsizligi davlat qoʻmitasi (hududiy boʻlinmalari);
- Uy-joy kommunal хizmat koʻrsatish vazirligi (hududiy boʻlinmalari), baхtsiz hodisa koʻp kvartirali uylarda sodir boʻlganda;
- Energetika vazirligi huzuridagi Neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi (hududiy boʻlinmalari), baхtsiz hodisa tabiiy va suyultirilgan gaz yoki neft mahsulotlaridan foydalanishda sodir boʻlganda;
- Energetika vazirligi huzuridagi Elektr energetikada nazorat inspeksiyasi (hududiy boʻlinmalari), baхtsiz hodisa qattiq yoqilgʻi turlaridan (koʻmir va koʻmir mahsulotlaridan) foydalanishda sodir boʻlganda.
Komissiya tomonidan amalga oshirilgan tekshirish natijalari boʻyicha 15 ish kunidan koʻp boʻlmagan muddatda komissiya tomonidan tekshirish dalolatnomasi rasmiylashtiriladi.
Baхtsiz hodisalarni hisobga olish Energetika vazirligi tomonidan amalga oshiriladi. Turar joylarda, shu jumladan koʻp kvartirali uylarda yongʻin sodir boʻlgan holatlarda tekshiruv FVV tomonidan oʻtkaziladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 12.02.2021 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova.