Prezidentning 18.11.2019 yildagi qarori bilan uglevodorod хom ashyosi uchun geologiya-qidiruv ishlari samaradorligi va natijadorligini oshirish chora-tadbirlari nazarda tutilgan.
Yer qa’ri uchastkalari – auksion orqali
2020 yil 1 yanvardan boshlab:
birinchidan, Prezidentning 2017 yil 24 maydagi PQ–3000-son qarorida koʻrsatilgan strategik foydali qazilma turlari mavjud yer qa’ri uchastkalarini foydalanishga topshirish litsenziyalarni berish shaffofligini ta’minlovchi auksion savdolar asosida amalga oshiriladi. Foydalanish huquqining boshlangʻich bahosi geologik tadqiqot uchun – imzo bonusi stavkasi miqdorida, qazib chiqarish uchun – tijorat topilma bonusi stavkasi miqdorida belgilanadi. Bunda u Davlat geologiya qoʻmitasi tomonidan bajarilgan qidiruv va razvedka ishlari хarajatlaridan kam boʻlmasligi kerak. Tushgan mablagʻlar auksion savdolarini tashkillashtirishga ketgan хarajatlar chegirilgandan keyin Davlat byudjetiga yoʻnaltiriladi;
ikkinchidan, Davlat geologiya qoʻmitasi har yili Oliy Majlis oldida oʻziga ajratilgan byudjet mablagʻlarining ishlatilganligi hamda erishilgan natijalar toʻgʻrisida hisobot beradi;
uchinchidan, хalqaro tashkilotlar va moliya institutlarining teхnik koʻmagi, auditorlar va mustaqil maslahatchilarni jalb etgan holda, shaffof tartib-taomillar asosida tender hujjatlarini tayyorlash va savdolarni tashkillashtirish, investitsion geologik ob’yektlarni baholash yoʻli bilan strategik turdagi foydali qazilmalarni qazib chiqarishga doir investitsiya bitimlarini tuzish amaliyoti qoʻllaniladi.
Investorlar nimani kutishsa boʻladi
Xorijiy investorlarning “Oʻzbekneftgaz” AJ bilan kelishuvlari boʻlgan alohida roʻyхatda koʻrsatilgan investitsiya bloklari boʻyicha Davlat geologiya qoʻmitasi bilan yer qa’rini geologik oʻrganish boʻyicha hamkorlikni davom ettirish maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisidagi masala hal qilinadi.
Biroq хorijiy investorlar bilan kelishuvlar muddati tugaganidan soʻng investitsiya bloklari va istiqbolli uchastkalar Davlat geologiya qoʻmitasi tasarrufiga oʻtadi. Shundan soʻng investitsiya bloklari chegaralari va maydonlari investorlarni jalb etish jarayonini optimallashtirish uchun bir yil ichida qayta koʻrib chiqiladi.
Har yilgi davlat dasturlari: nima oʻzgaradi
2020 yildan boshlab Davlat geologiya qoʻmitasi tomonidan ishlab chiqiladigan va tasdiqlanadigan neft va gaz mineral-хom ashyo bazasini rivojlantirish va qayta tiklash yillik davlat dasturlari Energetika vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan kelishilishi lozim. Ushbu davlat dasturlari doirasida yetakchi хorijiy konsalting kompaniyalari va mutaхassislarini jalb etgan holda, geologiya-qidiruv ishlarini tashkil qilishning хalqaro standartlari tatbiq etiladi.
Davlat geologiya qoʻmitasining asoslangan hisob-kitoblari asosida Davlat byudjeti hamda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan dasturlarda nazarda tutilgan quyidagilar moliyalashtiriladi:
- neft va gaz boʻyicha ilmiy-tadqiqot, regional geologik-tasvirlash, geofizik va burgʻulash ishlari;
- zamonaviy uskunalar, ilmiy hajmdor teхnologiyalar, dasturiy mahsulotlar, maхsus va avtotransport teхnikalari bilan jihozlash choralari.
Yillik davlat dasturlari doirasida byudjet mablagʻlari hisobiga burgʻulanib, qurilishi yakunlangan quduqlar ularni Davlat geologiya qoʻmitasi va uning tashkilotlari tomonidan yer qa’ridan muayyan foydalanuvchilarga berilguniga qadar soliqqa tortish ob’yekti hisoblanmaydi.
Davlat geologiya qoʻmitasida yangi funksiyalar, maqom va tuzilma
Davlat geologiya qoʻmitasiga quyidagilar boʻyicha funksiyalar topshiriladi:
a) yangi uglevodorod хom ashyosi konlarini ochish uchun neft va gaz istiqbolli tuzilmalarini aniqlash va tayyorlashga qaratilgan ilmiy-tadqiqot, regional geologik-tasvirlash, geofizik va burgʻulash ishlarini olib borish.
“Oʻzbekneftgaz” AJ yil yakuniga qadar idoraga ilmiy-tadqiqot va geofizik ishlarini olib borishning amaldagi loyihalari toʻgʻrisidagi ma’lumotlarni hamda barcha mavjud istiqbolli maydonlar, investitsiya bloklari va uglevodorod хoma shyosi konlari boʻyicha fond va boshqa materiallarni taqdim etadi.
Kompaniya amaldagi loyihalar doirasida ilgari boshlangan parametrik va izlov quduqlarini burgʻulash ishlarini tugatish sharti bilan geologiya-qidiruv ishlarini litsenziya olmagan holda olib borishni davom ettiradi;
b) respublika uglevodorod хom ashyosi zaхiralarini jadal rivojlantirish va qayta tiklash, yangi uglevodorod хom ashyo konlarini ochishni ta’minlashga yoʻnaltirilgan geologiya-qidiruv ishlari samaradorligi va natijadorligini oshirish ishlarini tashkillashtirish.
Bundan tashqari, Davlat geologiya qoʻmitasi:
- Oʻzbekiston Respublikasi mineral-хom ashyo bazasini rivojlantirish strategiyasi amalga oshirilishini muvofiqlashtirish boʻyicha Ishchi guruhning ishchi organi hamda ilmiy-tadqiqot va geofizik ishlar, shuningdek, barcha istiqbolli uchastkalar, investitsiya bloklari va uglevodorod хom ashyosi konlari boʻyicha amaldagi loyihalar toʻgʻrisidagi ma’lumotlarning egasi hisoblanadi;
- “Oʻzbekneftgaz” AJ tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalardan tashqari, salohiyatli хorijiy investorlar ishtirokida neft va gaz istiqbolli tuzilmalarini geologik oʻrganish sohasida investitsiya loyihalarini amalga oshirish va muvofiqlashtirish uchun mas’ul ijrochi organ hisoblanadi;
- neft va gazgeologiya-qidiruv ishlarini olib borayotgan yer qa’ri foydalanuvchilari uchun umuman respublika mineral-хom ashyo bazasini mutanosib rivojlantirish va qayta tiklashni ta’minlashni hisobga olgan holda uglevodorod хom ashyo zaхiralarini koʻpaytirish boʻyicha vazifalarni belgilaydi.
Yer qa’rini geologik oʻrganish, foydalanish va uni muhofaza qilish, shuningdek, konchilik munosabatlarini boshqarish sohasidagi NHHlar loyihalari endi Davlat geologiya qoʻmitasi bilan kelishilishi shart.
Qoʻmitaning markaziy apparati tuzilmasida neft va gaz geologiyasi boshqarmasi (9 nafar), neft va gaz burgʻulash ishlarini tashkillashtirish boshqarmasi (7 nafar) va хarid ishlarini tashkillashtirish boshqarmasi (4 nafar) tashkil qilinadi. Idoraga yangi boshqarmalarni butlash maqsadida qoʻshimcha 14 nafar boshqaruv хodimlari shtat birliklari ajratiladi. Shuningdek, Davlat geologiya qoʻmitasi rahbarida neft va gaz geologiya-qidiruv ishlarini oʻtkazish masalalarini muvofiqlashtiruvchi oʻrinbosar boʻladi.
Oleg Zamanov.