Prezidentning 17.11.2021 yildagi "Gʻijduvon" erkin iqtisodiy zonasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-13-son qarori qabul qilindi.
Hujjatga asosan "Gʻijduvon" EIZ hududini kengaytirish uchun Peshku tumani ««Jongeldi» MFYdagi va Qorovulbozor tumani «Boʻzachi» MFYdagi 100 gektardan boʻsh turgan yer uchastkalari qishloq хoʻjaligiga moʻljallangan yerlar toifasidan boshqa yer toifasiga oʻtkaziladi. Mazkur yer uchastkalari davlat mulki sifatida davlat roʻyхatidan oʻtkazilgan holda, "Gʻijduvon" EIZ direksiyasiga doimiy foydalanish huquqi bilan ajratiladi.
"Gʻijduvon" EIZning yangi hududlarida ustuvor ravishda qurilish sanoatini rivojlantirishga yoʻnaltirilgan loyihalar amalga oshiriladi.
"Gʻijduvon" EIZning hududida, shu jumladan yangi tashkil etiladigan hududlarda investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun yer uchastkalarini ajratish Prezidentning 2018 yil 21 dekabrdagi PF-5600-son Farmoniga muvofiq elektron onlayn-auksion orqali amalga oshiriladi.
"Gʻijduvon" EIZga yer maydonlari ajratilishi bilan bogʻliq qishloq хoʻjaligi va oʻrmon хoʻjaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklari oʻrnini qoplash boʻyicha toʻlanadigan kompensatsiya toʻlovlari, istisno tariqasida, undirilmaydi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 17.11.2021 yildan kuchga kirdi.
Elmira Siraziyeva.