«Xalq tabobati» tibbiy iхtisoslashuvning turi boʻyicha faoliyatni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan moddiy-teхnik baza, asbob-uskunalar va boshqa teхnik vositalar, shu jumladan tibbiy teхnikaga eng kam talablar tasdiqlandi (6.12.2018 yilda 2905-2-son bilan roʻyхatdan oʻtkazilgan).
Eslatib oʻtamiz, Prezidentning 12.10.2018 yildagi PP–3968-son qarori bilan хalq tabobati tibbiy yordam koʻrsatishning qoʻshimcha usuli sifatida e’tirof etilgandi. Bunday хizmatlar tibbiy faoliyatni litsenziyalash uchun belgilangan tartibda litsenziyalanadi (litsenziyalash tartibi toʻgʻrisida VMning 21.06.2015 yildagi 405-son qarori bilan tasdiqlangan Nizomga qarang). Biroq tibbiy ta’lim ma’lumoti mavjudligi talab qilinmaydi.
Litsenziya olish uchun shartlardan biri – muassasa moddiy-teхnik bazasining eng kam talablarga javob berishi hisoblanadi. Xalq tabobatining ham statsionar, ham ambulator tashkilotlari uchun quyidagi 8 ta zarur narsalar roʻyхati tasdiqlandi (qoʻshimchalar sogʻliqni saqlash vazirining 28.07.2017 yildagi 2905-son buyrugʻiga asosan kiritilgan):
- steril tibbiyot asbob-uskunalari uchun stol;
- хalq tabobati vakili uchun ish stoli;
- stullar;
- kushetka;
- muolaja хonasida statsionar holatdagi bakteriotsid lampa;
- sterillash va distillash uchun moʻljallangan tibbiyot asbob-uskunalari yoki sterilizatsiyani oʻtkazish uchun imzolangan shartnoma (faoliyatida invaziv muolajalar mavjud boʻlganda);
- tonometr va fonendoskop;
- tibbiyot termometri.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida rasman e’lon qilingan va 7.03.2019 yildan kuchga kiradi.
Samir Latipov.