Vazirlar Mahkamasi tomonidan 09.04.2025 yildagi "Harbiy хizmatchilarni ijtimoiy himoya qilish kuchaytirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida"gi 214-son qaror qabul qilindi.
Shunday qilib, harbiy хizmatchilarga turar joyni ijaraga olganlik uchun toʻlab beriladigan har oylik pul kompensatsiyasi 20 foizga oshiriladi. Kompensatsiya miqdoridagi oʻzgarishlar:
- Toshkent shahrida – bazaviy hisoblash miqdorining 4,8 baravarigacha;
- Nukus shahri va viloyatlar markazlarida – bazaviy hisoblash miqdorining 3,6 baravarigacha;
- Oʻzbekiston Respublikasining boshqa shaharlari, tumanlar markazlari va aholi punktlarida – bazaviy hisoblash miqdorining 2,4 baravarigacha.
2025 yil 1 iyundan boshlab kalendar hisobida oʻn yildan ortiq harbiy хizmatni oʻtagan harbiy хizmatchilar uchun turar joy sotib olish (qurish) uchun ipoteka krediti olinishida dastlabki badal miqdori uy-joyning hisoblangan qiymatining 35 foizi miqdorida belgilanadi. Bu oʻzgarish qonunchilik hujjatlariga muvofiq tasdiqlanadigan ipoteka kreditlarini ajratish koʻrsatkichlari asosida uy-joy bilan ta’minlanadigan harbiy хizmatchilarga tegishli (ilgari dastlabki badal barcha uchun 25 foizni tashkil etardi).
Halok boʻlgan harbiy хizmatchilarning oila a’zolari va nogironligi boʻlgan harbiy хizmatchilarga turar joy bilan ta’minlashda, agar ular uzoq muddatli imtiyozli ipoteka krediti asosida turar joy bilan ta’minlangan boʻlsa, qaytarilmagan kredit miqdori va kredit boʻyicha hisoblangan foizlar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti hisobidan toʻliq qoplab beriladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 10.04.2025 yildan kuchga kirdi.