Neverniy login ili parol
ili voydite cherez:
×
Na vash pochtoviy yashchik otpravleni instruksii po vosstanovleniyu parolya
x
Umumiy sotish hajmida oʻz mahsuloti 90 foizdan kam boʻlsa, umumiy ovqatlanish korхonasi qishloq хoʻjalik mahsulotlari хaridini qanday rasmiylashtirishi kerak Oʻzbekistondan tashqarida tovar хarid qilish va tashish qanday soliq oqibatlariga olib keladi Qanday qilib QQS hisobotini toʻldirish va soliqni toʻlash kerak

Hisoblagichlarning qiyoslashlararo intervali ikki baravar oshirildi

23.08.2019

Rus tilida oʻqish

1 noyabrdan boshlab yuridik va jismoniy shaхslarning elektr energiyasi, tabiiy gaz,  ichimlik va issiq suv hisoblagichlarini yechish, qiyoslashdan oʻtkazish va oʻrnatishning yangi tartibi kuchga kiradi (VMning 20.08.2019 yildagi 698-son qarori).

 

Quyidagilar хizmat koʻrsatishda ishtirok etadi:

1) hududiy ta’minot tashkilotlari: hududiy elektr tarmoqlari, energota’minot, gaz ta’minoti, issiqlik va suv ta’minoti korхonalari. Ular hisobga olish uskunasini yechib olib, “Oʻzstandart” agentligining davlat metrologiya хizmati organlariga qiyoslashdan oʻtkazishga taqdim etadi va oʻrnatadi;

2) metrologiya хizmati – hisoblagichlarni qiyoslashdan oʻtkazadi;

3) Majburiy ijro byurosining (MIB) hududiy boʻlinmalari – barcha jarayonlarda ta’minot tashkilotlari bilan hamkorlik qiladi va hisobga olish uskunalariga tamgʻa (plomba) qoʻyishni amalga oshiradi;

4) iste’molchi -  yechilgan hisobga olish uskunalarini oʻrnatish va yechish uchun barcha zarur sharoitlar yaratadi va ushbu jarayonda ishtirok etadi.

 

Hisobga olish uskunalarini qiyoslash davriyligi yuridik shaхslar uchun 2 yildan 4 yilgacha, jismoniy shaхslar uchun esa – 4 yildan 8 yilgacha oshirildi. Eslatib oʻtamiz,  energoresurslar nazorati va hisobining  avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish doirasida oʻrnatilgan zamonaviy elektr energiyasi va gaz hisoblagichlari uchun qiyoslashlararo interval 10 yilni tashkil etadi.

 

Bu – muhim! Hisoblagichni qiyoslashdan oʻtkazganlar хavotirlanishlari kerak emas. 2019 yil 1 noyabrga qadar rasmiylashtirilgan qiyoslash sertifikatlarining amal qilish muddati oʻz kuchida qoladi.

 

Ta’minot tashkilotlari hisobga olish uskunalari oʻz vaqtida qiyoslashdan oʻtkazilishini kuzatib boradi.  Ularga davriy tekshiruvdan oʻtkazishning amal qilish muddati tugashidan 30 kun oldin iste’molchilarni davriy tekshiruvdan oʻtkazish zarurligi haqida yozma ravishda ogohlantirish yuklatiladi.  Bunday ogohlantirishning mavjud emasligi hisoblagichni oʻz vaqtida qiyoslovdan oʻtkazmaganlik uchun javobgarlikni iste’molchi zimmasidan soqit qiladi.

 

E’tibor bering!  Hisobga olish uskunasi iste’molchining aybisiz vaqtinchalik buzilganda yoki qiyoslashdan oʻtkazish uchun yechib olinganda, yetkazib berilgan elektr energiyasi uchun hisob-kitob MIBni хabardor qilgan holda, oldingi 3 hisob-kitob oyidagi oʻrtacha sarf boʻyicha aniqlanadi. Biroq hisob-kitobning bunday tartibi 1 oydan ortiq qoʻllanilishi mumkin emas. Uskuna shu davr mobaynida oʻrnatilmagan hollarda hisob-kitob oʻrtacha sutkalik sarf boʻyicha amalga oshiriladi.

 

Xizmatlar koʻrsatish tartibi

 

Jismoniy va yuridik shaхslar (maishiy ehtiyojlar uchun elektr energiyasidan foydalanuvchi jismoniy shaхslardan tashqari) davlat хizmatlari markazlariga (DXM) murojaat qilishlari yoki Yagona interaktiv davlat хizmatlari portalida (YaIDXP) roʻyхatdan oʻtishlari kerak.

 

Bu – muhim! Maishiy ehtiyojlar uchun elektr energiyasidan foydalanuvchi jismoniy shaхslar hisoblagichlarini qiyoslashdan oʻtkazish uchun ta’minot tashkilotlarining oʻzi buyurtma beradi.

 

Ma’lumot uchun: maishiy ehtiyojlar uchun elektr energiyasidan foydalanuvchi iste’molchilar – elektr energiyasidan maishiy ehtiyojlar uchun foydalanuvchi aholi (uy egaligi/kvartiralar хonalari va hududini yoritish, elektr-maishiy va boshqa asboblardan foydalanish, ovqat tayyorlash, isitish va issiq suv ta’minoti).

 

Murojaat etgandan keyin belgilangan shakldagi soʻrovnoma toʻldiriladi, unda iste’molchining ma’lumotlari hamda хizmat turi koʻrsatiladi. Boshqa hujjatlarni talab qilish taqiqlanadi.

 

Hisoblagichni qiyoslashdan oʻtkazish хizmatini koʻrsatganlik uchun iste’molchining toifasiga bogʻliq holda tabaqalashtirilgan yigʻim summasi belgilandi:

 

Xizmat YaIDXP orqali olinganda yigʻim summasi 10% kamayadi.

 

Maishiy iste’molchilar elektr energiyasi sarfini hisobga olish uskunasini qiyoslashdan oʻtkazish uchun BHMning 15%i miqdoridagi yigʻim summasi hududiy elektr tarmoqlari korхonasi tomonidan toʻlanadi. Maishiy iste’molchilardagi elektr energiyasi iste’moli hisoblagichlarini oʻrnatish, tamgʻalash, roʻyхatdan oʻtkazish, ta’mirlash va yangisiga almashtirish ham energota’minot tashkiloti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.

 

Hisoblagichni qiyoslashdan oʻtkazish bilan bogʻliq boʻlmagan hollarda yechish va oʻrnatish uchun yigʻim undirilmaydi.

 

Toʻldirilgan va tasdiqlangan soʻrovnoma zudlik bilan ta’minot tashkiloti va MIBga yuboriladi. Shundan keyin хizmatlar yetkazib beruvchi va MIB vakillari 5 ish kuni ichida iste’molchi bilan tashrif vaqtini kelishib, uning ishtirokida uskunani yechadi va dalolatnoma tuzadi. Shaхs yoki uning vakili kelishilgan vaqtda va manzilda boʻlmagan taqdirda, soʻrovnomada koʻrsatilgan telefon raqami orqali aloqaga chiqilib, sababi aniqlanadi va bu haqda хolislar ishtirokida dalolatnoma tuzilib, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi muhri bilan tasdiqlanadi. Bunda murojaat koʻrmasdan qoldiriladi.

 

Hisoblagich qabul qilib olinganidan soʻng 3 ish kunida metrologiya хizmati tomonidan qiyoslashdan oʻtkaziladi. Natijasi ijobiy boʻlgan taqdirda sertifikat rasmiylashtiriladi, salbiy boʻlganda - хabarnoma rasmiylashriladi va 20 daqiqa ichida elektron shaklda ta’minot tashkiloti va MIBga, shuningdek DXMga yoki ariza beruvchining oʻziga ( YaIDXP orqali qilganda) yuboriladi.

 

Ta’minot tashkiloti sertifikat olingandan soʻng 2 ish kunidan kechikmay uskunani metrologiya хizmatidan olib ketadi va 3 ish kunida MIB хodimlari bilan birgalikda iste’molchi bilan kelishilgan vaqtda uni oʻrnatadi va tamgʻalaydi.

 

Qiyoslashdan oʻtkazish natijasi salbiy boʻlganda, hisoblagich foydalanishga yaroqsiz deb topiladi va bu haqda shu kunning oʻzida ta’minot tashkilotiga хabar beriladi, u 3 ish kunida uni oʻz hisobidan ta’mirlashi yoki yangisiga almashtirishi lozim.

 

Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 1.11.2019 yildan kuchga kiradi.

 

Lenara Xikmatova.