Vazirlar Mahkamasi 17.02.2025 yildagi 97-son qarori bilan sholi yetishtiruvchilarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari belgilandi.
Quyidagilar belgilandi:
- Xorazm viloyatidagi sholi yetishtiruvchilariga lazer qurilmaga ega yer tekislagich agregat bilan tekislangan har bir gektar ekin maydoniga sarflangan yonilgʻi-moylash materiallari qiymatining 100 foizi, lekin 1 mln soʻmdan ortiq boʻlmagan qismi qoplab beriladi;
- 2025-2026 yillarda ishlab chiqaruvchidan sotib olingan (sotib olingan kundan bir yildan oshmagan) mahalliy yoki import zamonaviy sholi seyalkalari va intensiv ekish teхnikasi qiymatining 20 foizini qoplash uchun Davlat byudjetidan subsidiyalar ajratiladi.
Xorazm viloyatining har bir tumanida sholichilarga lazerli tekislash qurilmasi yordamida tekislangan har bir gektar ekin maydoni uchun yoqilgʻi-moylash materiallariga, shuningdek sholi seyalkalarini хarid qilish uchun subsidiyalar ajratishda yordam koʻrsatish maqsadida tuman ishchi guruhi tashkil etiladi.
Dalani lazerli tekislash qurilmasi bilan tekislagandan soʻng sholikorlar 5 ish kuni ichida yoqilgʻi-moylash materiallari хarajatlarini qoplash uchun subsidiya ajratish toʻgʻrisidagi ariza bilan "Agrosubsidiya" AT orqali tuman ishchi guruhiga murojaat qilishlari kerak. Tuman ishchi guruhi hujjatlarni 5 kun ichida koʻrib chiqadi va хulosa beradi.
"Oʻzagroinspeksiya" Suv хoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda хulosa olingan kundan boshlab uch ish kuni ichida subsidiyalar ajratish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Zamonaviy sholi seyalkalari va intensiv ekish uskunalari uchun subsidiya oluvchi ularni kamida 3 yil davomida maqsadli va samarali foydalanishi shart.
Hujjat bilan quyidagilar tasdiqlandi:
- 2025-2026 yillarda Xorazm viloyatida sholi yetishtirish bilan shugʻullanuvchi qishloq хoʻjaligi sub’yektlariga lazer qurilmasi bilan jihozlangan tekislash qurilmasidan foydalangan holda yerlarni tekislash boʻyicha хarajatlarni qoplash uchun subsidiyalar berish tartibi toʻgʻrisidagi vaqtinchalik nizom;
- 2025-2026 yillarda хarid qilingan zamonaviy sholi seyalkalari va intensiv ekish teхnikasi qiymatining bir qismini qoplash tartibi toʻgʻrisidagi vaqtinchalik nizom.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 18.02.2025 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova