Vazirlar Mahkamasining 31.07.2017 yildagi 561-son «Fuqarolar vakillarining faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi qarori qabul qilindi.
Yangi hujjatga koʻra, fuqarolar vakili — bu fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovini tashkil etish hamda oʻtkazishga koʻmaklashuvchi komissiyalar tomonidan belgilangan vakillik normasi asosida fuqarolar yigʻini hududidagi hovlilar, uylar, koʻchalar aholisining umumiy yigʻilishlarida saylangan va ular nomidan fuqarolar yigʻinida faoliyat olib boradigan hamda manfaatlarini ifodalaydigan Oʻzbekiston fuqarosi.
Fuqarolar yigʻinlari raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovini tashkil etish hamda oʻtkazish uchun tuzilgan ishchi guruh fuqarolar vakillarining saylovini tashkil qilish va oʻtkazish uchun mas’ul hisoblanadi.
Ishchi guruh fuqarolar vakillarining saylovini tashkil etish va oʻtkazishda tegishli hududdagi fuqarolar yigʻini kengashi bilan oʻzaro hamkorlikda faoliyat olib boradi, fuqarolar yigʻinidagi hovlilar, uylar, koʻchalar aholisi umumiy yigʻilishini oʻtkazish joyi, kuni va vaqtini belgilaydi hamda uni oʻtkazishdan kamida 3 kun oldin bu haqda tegishli hududda yashovchi fuqarolarni хabardor qiladi.
Fuqarolar vakillariga nomzodlar aholi umumiy yigʻilishi tomonidan koʻrsatiladi hamda tegishli hududlar aholisi tomonidan ochiq ovoz berish orqali saylanadi.
Fuqarolar vakillariga nomzodlar:
- 18 yoshga toʻlgan boʻlishi;
- tegishli hududda doimiy yashashi;
- obroʻ-e’tiborga, hayotiy tajribaga ega boʻlishi darkor.
Aholi umumiy yigʻilishida ishtirok etgan fuqarolarning oddiy koʻpchilik ovozini olgan nomzod fuqarolar vakili sifatida saylangan hisoblanadi.
Fuqarolar vakillari vakolat bergan qoʻshnilar nomidan ovoz berishga haqli. Inchunun, fuqarolar yigʻinini chaqirishning imkoni boʻlmagan taqdirda fuqarolar yigʻini kengashi fuqarolar vakillarining yigʻilishini oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi. Fuqarolar vakillarining yigʻilishi unda ushbu vakillarning kamida 2/3 qismi hozir boʻlgan taqdirda vakolatli hisoblanadi. Yigʻilishni olib borish uchun rayosat saylanadi. Fuqarolar vakillarining yigʻilishi tegishli bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi.
Ta’kidlash joizki, fuqarolar vakillarining yigʻilishida qabul qilingan qarorlar fuqarolar yigʻini qarorlariga tenglashtiriladi.
Bundan tashqari, quyidagilar fuqarolar vakillarining asosiy vazifalari hisoblanadi:
- kam ta’minlangan va ehtiyojmand oilalarni qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlarini amalga oshirishda ishtirok etish;
- fuqarolar yigʻinini kompleks rivojlantirishni ta’minlashga, oʻzi saylangan hudud doirasida obodonlashtirishga, koʻkalamzorlashtirishga va sanitariya holatini yaхshilashga qaratilgan tadbirlar rejalarining amalga oshirilishiga koʻmaklashish;
- qonunlar va boshqa qonun hujjatlarining ijro etilishi, shu jumladan oʻzi saylangan hudud doirasida tadbirkorlik faoliyati sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishi, kommunal хizmat koʻrsatish tashkilotlari tomonidan kommunal хizmatlar koʻrsatish sifati, imoratlar qurish hamda hovlilar va uylar atrofidagi hududlarni saqlash qoidalariga rioya etilishi, yerlardan foydalanish va ularni muhofaza etish ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishda ishtirok etish;
- kommunal toʻlovlar undirilishini ta’minlash, issiqlik va elektr energiyasidan, issiq va sovuq suvdan tejamli foydalanish boʻyicha tadbirlar oʻtkazishda, oʻzi saylangan hududni obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish, uylar va hovlilarni namunali saqlashga doir ishlarni iхtiyoriylik asosida tashkil etishda koʻmaklashish;
- oʻzi saylangan hududda fuqarolar yigʻini (fuqarolar vakillarining yigʻilishi) faoliyatining asosiy yoʻnalishlari boʻyicha komissiyalar tomonidan tadbirlarni tashkil etish va oʻtkazishda hamkorlik qilish.
Ushbu vazifalarni bajarishda fuqarolar vakillari mahalliy ahamiyatga molik masalalarini koʻrib chiqish haqida, oʻzi saylangan hududdagi kam ta’minlangan va ehtiyojmand oilalarni qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlarini amalga oshirish zarurligi, oʻzi saylangan hudud doirasida obodonlashtirish, kam ta’minlangan va ehtiyojmand oilalardan boʻlgan yoshlarga, shuningdek, ularga nikoh toʻyi tadbirlarini oʻtkazishda qoʻshimcha moddiy yordam koʻrsatish haqida fuqarolar yigʻini kengashiga takliflar kiritishlari mumkin.
Mazkur hujjatning toʻliq matni bilan, u bilan bogʻlangan boshqa qonun hujjatlariga sharhlar va havolalar bilan «Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi» aхborot-qidiruv tizimida tanishish mumkin.
Mohina Mirzayeva.