Prezident tomonidan 26.05.2021 yildagi «Xalqaro shartnomalarni tasdiqlash toʻgʻrisida»gi PQ-5126-son qaror imzolandi.
Ma’lumot uchun! Ratifikatsiya qilinmaydigan, lekin kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan davlat ichki tartib-taomillari oʻtkazilishi nazarda tutiladigan хalqaro shartnomalarni tasdiqlash va qabul qilish Oʻzbekiston Respublikasi nomidan yoki Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan tuziladigan хalqaro shartnomalarga nisbatan — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan amalga oshiriladi.
Hujjatga muvofiq quyidagilar tasdiqlandi:
- 2009 yil 20 noyabrda Yalta shahrida MDH ishtirokchi-davlatlarining Hukumat rahbarlari kengashi yigʻilishida imzolangan MDH ishtirokchi-davlatlarining hududidan oʻtuvchi хalqaro transport yoʻlaklarini kelishilgan holda rivojlantirish toʻgʻrisidagi bitim;
- 2016 yil 28 oktyabrda Minsk shahrida imzolangan хalqaro transport yoʻlaklarini kelishilgan holda rivojlantirish toʻgʻrisidagi 2009 yil 20 noyabrdagi bitimga oʻzgartirishlar kiritish haqidagi bayonnoma.
Bitim 9 ta mamlakat – Armaniston, Belarus, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Moldova, RF, Tojikiston, Oʻzbekiston, Ukraina tomonidan imzolandi. Ushbu Bitim bilan хalqaro transport yoʻlaklarini (XTY) rivojlantirish va ishtirokchilar tomonidan ulardan foydalanish masalalari XTY tizimlari ta’minotini uygʻunlashtirish asosida tartibga solinadi.
Ma’lumot uchun! XTY tizimlari ta’minoti XTYni kelishilgan holda rivojlantirishni ta’minlash boʻyicha taraflarning vakolatli organlari hamda MDH tarmoq hamkorligini amalga oshiruvchi organlarining normativ-huquqiy, resurs va aхborot-logistika sohalaridagi faoliyati hisoblanadi.
Bayonnomada aks ettirilgan oʻzgartirishga muvofiq Bitim taraflari vakolatli organlari hamda MDH tarmoq hamkorligini amalga oshiruvchi organlari faoliyatini muvofiqlashtirish va ularning aхborot ta’minoti MDH ishtirokchi-davlatlarining Muvofiqlashtiruvchi transport kengashi (ilgari – MDH transport yoʻlaklarini muvofiqlashtiruvchi qoʻmitasi) tomonidan amalga oshiriladi.
Mazkur хalqaro shartnomalarning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan davlat ichki tartib-taomillari taraflar tomonidan bajarilganligi toʻgʻrisidagi yozma bildirishnoma depozitariy tomonidan olingan kundan boshlab bitim kuchga kiradi.
Shu munosabat bilan, TIVga Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan mazkur хalqaro shartnomalarning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan davlat ichki tartib-taomillari bajarilganligi hamda ularni amalga oshirish uchun mas’ul boʻlgan vakolatli organ toʻgʻrisida depozitariyga tegishli bildirishnomani yuborish topshirildi.
Transport vazirligi mazkur хalqaro shartnomalarni amalga oshirish uchun mas’ul vakolatli organ etib belgilandi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 27.05.2021 yildan kuchga kirdi.
Nargiza Vohidova.