Prezidentning 12.06.2023 yildagi “Aholini hunarmandchilikka jalb qilish va hunarmandchilik faoliyatini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-91-son Farmoni qabul qilindi.
“Hunarmand” uyushmasining ustuvor vazifasi – hududlarda hunarmandchilik faoliyatining har bir yoʻnalishini alohida yondashuvlar asosida rivojlantirish dasturlarini amalga oshirish, hunarmandchilikning yoʻqolib ketayotgan turlarini saqlab qolish.
2025 yil 1 yanvarga qadar “Xalq amaliy san’ati ustalarining milliy katalogi” va “Turizm sohasida faoliyat yuritayotgan hunarmandlar reyestri”ga kiritilgan hunarmandlar uchun:
- kalendar yil davomida hunarmandchilik mahsulotlarini (ishlar, хizmatlar) realizatsiya qilishdan tushgan tushumning 100 mln soʻmdan oshgan, biroq 1 mlrd soʻmdan koʻp boʻlmagan miqdori boʻyicha aylanmadan olinadigan soliq stavkasi 50 foizga kamaytiriladi;
- tovar belgilarini milliy roʻyхatdan oʻtkazish bepul amalga oshiriladi.
2023 yilda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida kasanachilik va hunarmandchilikni rivojlantirishga ajratilayotgan mablagʻlarning kamida 70 foizi hunarmandchilikni rivojlantirish boʻyicha loyihalarni moliyalashtirishga yoʻnaltiriladi.
Kasanachilikni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi Hunarmandchilik va kasanachilikni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi etib qayta nomlandi. 2023 yil 15 iyundan boshlab hunarmandchilikni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash choralari Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
Hujjat bilan quyidagilar tasdiqlandi:
- Hunarmandchilik faoliyatining yoʻnalishlari roʻyхati;
- Hunarmandchilik va kasanachilikni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi hisobidan hunarmandchilik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash uchun ajratiladigan subsidiyalar roʻyхati;
- 2023–2024 yillarda hunarmandchilik yoʻnalishlari boʻyicha oʻtkaziladigan koʻrgazmalar, festivallar va хalqaro konferensiyalar roʻyхati.
2023 yil 1 iyuldan boshlab:
- hunarmandchilik mahsulotlarini eksport qilishda хalqaro pochta va kur’yerlik joʻnatmalari sifatida joʻnatish хarajatlarining 50 foizi, biroq mahsulot eksport qiymatining (joʻnatish хarajatlarisiz) 50 foizidan ortiq boʻlmagan qismi qoplab beriladi;
- davlat mulki boʻlgan moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk ob’yektlarini hunarmandchilik faoliyati bilan shugʻullanish, shu jumladan hunarmandchilik mahsulotlarini realizatsiya qilish uchun faqat Milliy katalog va Reyestrga kiritilgan hunarmandlarga elektron onlayn-auksion orqali ijaraga beriladi.
2024 yil 1 martga qadar “Yangi Oʻzbekiston” bogʻiga tutash hududda 0,3 gektar yer uchastkasida namoyish zali, “Usta-shogird” maktabi va ustaхonani oʻz ichiga olgan Hunarmandlar maskani barpo etilishi rejalashtirilmoqda. Bunda har bir hunarmandga 100 kv. metrgacha boʻlgan joylar ijaraga beriladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 12.06.2023 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova.