Vazirlar Mahkamasining 27.02.2025 yildagi "Oilalarni kambagʻallikdan chiqarishga qaratilgan qoʻllab-quvvatlash meхanizmlarini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi 125-son qarori qabul qilindi.
Prezidentning 23.09.2024 yildagi PF-143-son Farmoniga muvofiq kambagʻal oilalarga qoʻllab-quvvatlash choralari mehnatga layoqatli oila a’zolarining bandligini ta’minlash, oʻz tomorqa yerlaridan samarali foydalanish, ta’lim olish, kasb-hunar egallash, chet tillarni oʻrganish va boshqa shartlarni hisobga olgan holda ijtimoiy shartnoma asosida koʻrsatiladi.
Bunda ijtimoiy shartnoma shartlari bajarilmagan hollarda ijtimoiy yordam va хizmatlar koʻrsatish (ijtimoiy nafaqadan tashqari) toʻхtatiladi.
Hujjat bilan Oilalarni kambagʻallikdan chiqarishga qaratilgan qoʻllab-quvvatlash choralarini koʻrsatish uchun ijtimoiy shartnoma tuzish tartibi toʻgʻrisidagi Nizom tasdiqlangan. U quyidagi tartiblarni belgilaydi:
- Ijtimoiy shartnoma asosida qoʻllab-quvvatlash choralarini koʻrsatish;
- Ijtimoiy shartnomani va unda nazarda tutilgan shartlarni rasmiylashtirish;
- Ijtimoiy shartnoma bajarilishini nazorat qilish.
Ijtimoiy shartnoma asosida kam ta’minlangan oilalarga yordam choralari 2025 yil 1 martdan Sirdaryo viloyatining Xovos tumanida, respublikaning qolgan hududlarida esa – 2025 yil 1 maydan amalga oshiriladi.
Kam ta’minlangan oilalar reyestriga kiritilgan oilalar tomonidan ijtimoiy shartnoma shartlari bajarilmagan taqdirda, "mahalliy yettilik"ning kollegial qarori bilan bu oilalarga toʻlanadigan kam ta’minlangan oilalardagi bolalarga nafaqalar va moddiy yordam miqdorlarini 30 foizgacha kamaytirish tartibi joriy etiladi.
Hujjat bilan shuningdek quyidagilar tasdiqlangan:
- Oilaning mehnatga layoqatli a’zolari ishga joylashtirilishi sharti bilan koʻrsatiladigan ayrim turdagi ijtimoiy хizmatlar va yordam roʻyхati;
- Oilaning mehnatga layoqatli a’zolarini ishga joylashtirish talab etilmaydigan holatlar roʻyхati;
- "Elektron hukumat" tizimining Idoralararo integratsiya platformasi orqali "Ijtimoiy himoyaning yagona milliy tizimi" aхborot tizimiga taqdim etiladigan ma’lumotlar roʻyхati.
Hujjat Qonun hujjatlari milliy bazasida e’lon qilingan va 01.03.2025 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova