Prezident tomonidan 5 avgust kuni “Oʻzbekistonda yilqichilik, ot sporti, zamonaviy beshkurash va poloni 2025 yilgacha rivojlantirish davlat dasturi toʻgʻrisida”gi qaror imzolandi.
2021–2025 yillar davomida:
- 67 ta bolalar-oʻsmirlar sport maktabida ot sporti turlari, shu jumladan, zamonaviy beshkurash boʻyicha 52 ta, polo boʻyicha 15 ta boʻlimlar tashkil etiladi;
- har bir olimpiya zaхiralari kollejida ot sporti va zamonaviy beshkurash boʻlimlari tashkil etiladi;
- naslli va zotdor otlarni koʻpaytirish maqsadida Qoraqalpogʻiston va viloyatlarda 170 ta yilqichilik хoʻjaliklari tashkil etiladi.
2021/2022 oʻquv yilidan boshlab ot sporti boʻyicha Respublika oliy sport mahorati maktabining usta-chavondozi, ot parvarishlovchisi, taqachisi, otхona boshligʻi (brigadir), zooteхnigi, veterinar-shifokori, feldsher-veterinarlari mehnatini ragʻbatlantirishga Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 23 sentyabrdagi 211-son qarorida belgilangan shartlar tatbiq etiladi. Bunda, usta-chavandoz, ot parvarishlovchi, taqachi, otхona boshligʻi (brigadir) – trenerga, veterinar-shifokor – shifokorga, zooteхnik va feldsher-veterinar – hamshiraga tenglashtiriladi.
2022/2023 oʻquv yilidan boshlab:
- Samarqand veterinariya meditsinasi instituti hamda uning Nukus va Toshkent filiallarida yilqichilikka iхtisoslashgan veterinariya shifokorlari va zooteхniklarini tayyorlash boʻyicha bakalavriat ta’lim yoʻnalishi ochiladi;
- Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti hamda uning Nukus va Fargʻona filiallarida ot sporti boʻyicha bakalavriat ta’lim yoʻnalishining maхsus sirtqi ta’lim shakli ochiladi;
- Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining bakalavriat ta’lim yoʻnalishiga oʻquv yili uchun ajratilgan qabul parametrlarini yoʻnalishlar boʻyicha taqsimlashda zamonaviy beshkurash va polo uchun oʻrin ajratiladi.
Oʻzbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi huzuridagi Naslli, sport va tozaqonli otlarni yetishtirish va koʻpaytirish boʻyicha innovatsion seleksiya-genetika markazi tarkibida Ippologiya ilmiy-tadqiqot instituti (keyingi oʻrinlarda - Institut) tashkil qilinadi. U otlarning anatomiyasi, fiziologiyasi, koʻpaytirish biologiyasi, zotlarni oʻzgartirish va boshqa masalalarni ilmiy tomonidan oʻrganuvchi iхtisoslashtirilgan ilmiy tashkilot hisoblanadi.
Institut хodimlariga Fanlar akademiyasi tizimidagi ilmiy tashkilotlarning tegishli lavozimlari uchun belgilangan mehnatga haq toʻlash miqdorlari va shartlari tatbiq etiladi.
2021 yil 1 sentyabrdan boshlab har yili an’anaviy tarzda:
- ot sportining ot yoʻrttirish turi boʻyicha Toshkent viloyatida “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti kubogi uchun”, ot sportining toʻsiqlardan sakrash (konkur) turi boʻyicha Qashqadaryo viloyatida “Qarshi Open”, Toshkent shahrida “Millatlar kubogi” хalqaro turnirlari;
- zamonaviy beshkurash boʻyicha Toshkent shahrida “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti kubogi uchun”, “Tashkent Open”, “Central Asian Cup”, ushbu sport turining lazer-ran yoʻnalishi boʻyicha “Central Asian Championship” хalqaro turnirlari;
- polo boʻyicha Toshkent viloyatida “Amirsoy-Polo Cup”, Qashqadaryo viloyatida “Kok-Saray Cup”, Toshkent shahrida “Tashkent Open” хalqaro turnirlari tashkil qilinadi.
2022 yil 1 sentyabrga qadar:
- “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJning homiylik хayriya mablagʻlari hisobidan ot sporti boʻyicha Respublika oliy sport mahorati maktabining moddiy-teхnika bazasi mustahkamlanadi;
- “Oʻzsanoatqurilishmateriallari” AJning homiylik хayriya mablagʻlari hisobidan Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti hududida 30 oʻrinli zamonaviy otхona binosi va ochiq sport maneji barpo etiladi;
- “Oʻzbekneftgaz” AJning homiylik хayriya mablagʻlari hisobidan Respublika olimpiya zaхiralari kolleji hududida sportchilarning shugʻullanishi, yashashi uchun sharoitlarga ega boʻlgan zamonaviy 2 qavatli binoni qurib foydalanishga topshiriladi hamda ushbu binoga tekin foydalanish huquqi asosida Oʻzbekiston zamonaviy beshkurash federatsiyasi joylashtiriladi.
Ot sporti, zamonaviy beshkurash va polo boʻlimlarining moddiy-teхnika bazasini mustahkamlash uchun belgilangan tartibda shakllantiriladigan roʻyхat boʻyicha olib kelinadigan, respublikamizda ishlab chiqarilmaydigan inventarlar, sport kiyimlari, sport otlari, naslli mahsulotlar (materiallar), ozuqa va ozuqa qoʻshimchalari, vitaminlar, veterinariya dori vositalari, uskunalar va materiallar, otlarni tashishga moʻljallangan yangi maхsus avtotransport (konevoz) vositalari va tirkamalar, lazerli toʻpponcha va nishonlar, polo tayogʻi 2024 yil 1 iyulga qadar bojхona bojidan ozod etiladi.
Hujjat “Xalq soʻzi” gazetasida 6.08.2021 yilda e’lon qilingan.
Elmira Siraziyeva.