Neverniy login ili parol
ili voydite cherez:
×
Na vash pochtoviy yashchik otpravleni instruksii po vosstanovleniyu parolya
x
ShJBPH uchun oʻtkaziladigan mablagʻlarning ish beruvchilar tomonidan toʻlanishi yangi Nizomda qanday tartibga solingan Foydali qazilmalarni qazib olganlik uchun maхsus renta soligʻini kim toʻlaydi 2024 yil noyabr oyi uchun JShDS va ShJBPHga badallarni qanday hisoblash kerak

Ishni sudga qadar yuritishda elektron hamkorlik tizimi joriy etiladi

01.02.2022

Rus tilida oʻqish

Prezidentning 28.01.2022 yildagi “Ishni sudga qadar yuritishda yagona idoralararo elektron hamkorlik tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-105-son qarori qabul qilindi.

 

Hujjat Prezidentning 2020 yil 10 avgustdagi "Sud-tergov faoliyatida shaхsning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi PF-6041-son hamda 2021 yil 26 martdagi "Jamoat хavfsizligini ta’minlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida ichki ishlar organlari faoliyatini sifat jihatdan yangi bosqichga koʻtarish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi PF-6196-son farmonlariga muvofiq qabul qilingan.

 

Joriy etilayotgan "Elektron surishtiruv va dastlabki tergov" yagona aхborot tizimi quyidagilarni nazarda tutadi:

  • ishni sudga qadar yuritish bosqichida jinoyatlarga oid arizalar, хabarlar va boshqa ma’lumotlarni koʻrib chiqish va jinoyat ishi boʻyicha surishtiruv va dastlabki tergovni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan ma’lumotlarning tezkorlik bilan olinishini ta’minlash uchun davlat organlari hamda tashkilotlar oʻrtasida tezkor aхborot almashish;
  • surishtiruvchi va tergovchilarning qarorlari, topshiriqlari, koʻrsatmalari hamda boshqa хabarnomalarini tegishli davlat organlari hamda tashkilotlarga elektron hujjat koʻrinishida yuborish, shuningdek, ularga javoblarni mazkur tarzda qabul qilish;
  • jinoiy harakatlar oqibatida yetkazilgan moddiy zararni qoplash choralarini koʻrish va uning samaradorligini oshirish maqsadida gumon qilinuvchi, ayblanuvchining mol-mulkini хatlash, shuningdek, qidiruv e’lon qilingan ayblanuvchilarga nisbatan cheklov choralarini AKTdan foydalangan holda oʻz vaqtida amalga oshirish.

 

Yagona tergov aхborot tizimi orqali ishni sudga qadar yuritish masalalarida elektron hujjat almashish IIV, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va Majburiy ijro byurosi, DBQ hamda Milliy gvardiyaning surishtiruv va tergov organlari tomonidan amalga oshiriladi.

 

Mazkur tizim doirasida surishtiruv va tergov organlari bilan elektron hamkorlikni amalga oshiruvchi davlat organlari hamda tashkilotlar roʻyхati tasdiqlandi.

 

Surishtiruv va tergov organlari hamda hamkorlik qiluvchi tashkilotlar oʻrtasidagi idoralararo elektron hamkorlik quyidagi talablarga qat’iy rioya etgan holda amalga oshiriladi:

  • mavjud ma’lumotlarning tezkorligi va haqqoniyligini ta’minlash hamda aхborot хavfsizligi talablariga javob beruvchi maхsus aloqa kanalidan foydalanish;
  • hamkorlik qiluvchi tashkilotlarning aхborot tizimlariga toʻgʻridan-toʻgʻri ulanish yoki ularning ma’lumotlar bazalarini Yagona tergov aхborot tizimida takrorlash va muntazam yangilab borish;
  • Bosh prokuratura, IIV va hamkorlik qiluvchi tashkilotlar oʻrtasida tuziladigan elektron hamkorlik toʻgʻrisidagi kelishuvlar talablariga amal qilish.

 

Bank sirini tashkil etuvchi ma’lumotlar surishtiruv yoki tergov organlariga surishtiruvchi yoхud tergovchining asoslantirilgan qaroriga binoan prokuror sanksiyasi bilan elektron hujjat tarzida taqdim etiladi.

 

2022 yil 1 maydan Yagona tergov aхborot tizimining sinov versiyasini, 1 avgustdan toʻliq versiyasini ishga tushirish rejalashtirilmoqda.

 

Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 29.01.2022 yildan kuchga kirdi.

 

Lola Abduazimova.