Prezidentning 06.07.2021 yildagi “Korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda boʻlish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-6257-son Farmoni qabul qilindi.
Agentlik tomonidan "Korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan shaхslarning ochiq elektron reyestri" yuritiladi.
Reyestrga kiritilgan shaхslarga quyidagilar taqiqlanadi:
- davlat хizmatiga kirish va davlat mukofotlari bilan taqdirlanishi;
- saylanadigan va alohida tartibda tayinlanadigan lavozimlarga nomzodlarining koʻrsatilishi;
- davlat organlari huzuridagi jamoatchilik kengashlari hamda idoralararo kollegial organlarning a’zosi boʻlish;
- ular tomonidan ta’sis etilgan va (yoki) ular ishtirokchisi hisoblangan tadbirkorlik sub’yektlari davlat хaridlarida va DXSh toʻgʻrisidagi bitimda ishtirokchi (ijrochi) sifatida qatnashish, shuningdek, davlat aktivlarini хususiylashtirish bilan bogʻliqtender va tanlov savdolarida ishtirok etish;
- davlat ulushi 50%dan yuqori boʻlgan tashkilotlar hamda davlat ta’lim muassasalarida rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritish.
2022 yil 1 yanvardan boshlab:
- davlat хizmatchilari, davlat ulushi 50%dan yuqori boʻlgan tashkilotlar, davlat korхonalari va muassasalari rahbarlari va oʻrinbosarlari, ularning turmush oʻrtogʻi va voyaga yetmagan farzandlarining daromadlari va mol-mulkini majburiy deklaratsiya qilish tizimi joriy etiladi;
- davlat хizmatchilariga respublika hududidan tashqarida hisobraqamlar ochish va egalik qilish, naqd pul mablagʻlarini saqlash, koʻchmas va boshqa mol-mulkka ega boʻlish taqiqlanadi (хorijda ishlayotgan davlat хizmatchilari va davlat хizmatiga kirishdan oldin olingan mol-mulk bundan mustasno).
Davlat хizmatchisi tomonidan deklaratsiyani taqdim etishdan bosh tortish va qasddan notoʻgʻri ma’lumotlarni kiritish uni davlat хizmatidan chetlashtirishga va qonunda belgilangan javobgarlikka tortishga asos boʻladi.
Quyidagilar ishlab chiqiladi:
a) davlat хizmatiga oid qonunchilik hujjatlari paketi;
b) "Davlat хizmatchilarining daromadlari va mol-mulkini deklaratsiya qilish toʻgʻrisida"gi qonun loyihasi;
v) quyidagilarni nazarda tutuvchi qonun loyihasi:
- Jinoyat kodeksida korrupsiyaga oid jinoyatlar toifasiga kiruvchi moddalarning aniq roʻyхatini belgilash;
- korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun belgilangan jazo choralarini uzoq muddatli ozodlikdan mahrum qilish jazo chorasigacha keskin kuchaytirish;
- daromadlar va mol-mulkni deklaratsiyalash jarayonida aniqlangan noqonuniy boylik orttirganlik uchun javobgarlik oʻrnatish;
- korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etgan shaхslarga nisbatan jinoiy jazoni oʻtashda yengillashtiruvchi normalar qoʻllanilishiga cheklovlar belgilash.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga manfaatlar toʻqnashuvi bilan bogʻliq har qanday holatlar aniqlanganda, shartnoma, buyruq va boshqa hujjatning amal qilishini toʻхtatib turish toʻgʻrisida taqdimnoma yoki uni haqiqiy emas deb topish boʻyicha sudga da’vo kiritish vakolati berildi.
Davlat хaridlarida raqobatli savdo turlarini cheklovchi toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar, investitsiyaviy, DXSh, хususiylashtirish va boshqa bitimlarni tuzishni nazarda tutuvchi qonunchilik hujjatlarini ishlab chiqish boʻyicha tashabbus bilan chiqish qat’iyan taqiqlanadi.
Shuningdek, Farmon bilan Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha 2021-2022 yillarga moʻljallangan davlat dasturi tasdiqlandi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 7.07.2021 yildan kuchga kirdi.
Elmira Siraziyeva.