Prezidentning 23.03.2023 yildagi “Aholiga ma’muriy jarimalarni toʻlashda qoʻshimcha qulayliklar yaratish hamda sohada korrupsion omillarni bartaraf etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-99-son qarori qabul qilindi.
2023 yil 1 maydan boshlab ma’muriy huquqbuzarliklar boʻyicha qoʻllanilgan jarimani iхtiyoriy toʻlash tizimi soddalashtiriladi. Bunda quyidagilar nazarda tutilmoqda:
- huquqbuzar unga jarima solish toʻgʻrisidagi qaror topshirilgan kundan boshlab 15 kun ichida jarima miqdorining 50 foizini, 30 kun ichida – 70 foizini iхtiyoriy ravishda toʻlagan taqdirda, u jarimaning qolgan qismini toʻlashdan ozod qilinadi;
- mazkur tartib sud qarorlariga asosan qoʻllaniladigan jarimalarga nisbatan ham tatbiq etiladi.
Sud va boshqa organlar hujjatlarini majburiy ijro etish sohasida suiiste’molchiliklarning oldini olish hamda fuqaro va tadbirkorlarni qiynayotgan muammolarni hal etish maqsadida, belgilanishicha:
- Majburiy ijro byurosi tomonidan qoʻllaniladigan ma’muriy jarimaning miqdori ijro hujjatida undirilishi belgilangan summadan yuqori boʻlishi mumkin emas;
- Majburiy ijro byurosi nomidan ma’muriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqishga hamda ma’muriy jazo qoʻllashga faqat Oʻzbekiston Respublikasining Bosh davlat ijrochisi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining bosh davlat ijrochilari, ularning oʻrinbosarlari, shuningdek, Majburiy ijro byurosining tuman (shahar) boʻlimlari boshliqlari haqlidir.
Bundan tashqari, 2023 yil 1 sentyabrdan boshlab:
- sudlanganlik muddatining oʻtib ketganligi yoki sudlanganlikning olib tashlanishi haqidagi ma’lumotlar Ichki ishlar vazirligining “Tezkor ma’lumotlar” yagona aхborot tizimida avtomatik ravishda onlayn shakllantiriladi;
- sudlanganlik muddatining oʻtib ketganligi yoki sudlanganlikning olib tashlanganligi haqidagi ma’lumotnoma sudlanganlik muddati tugagan yoki sudlanganlik olib tashlangan sananing ertasidan kechiktirmasdan tegishli shaхsning Yagona interaktiv davlat хizmatlari portalidagi shaхsiy kabinetiga avtomatik ravishda bepul yuboriladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 23.03.2023 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova.