Vazirlar Mahkamasi tomonidan 29.03.2021 yildagi «Yaponiya хalqaro hamkorlik agentligi ishtirokida «Oʻzbekistonda koronavirus Covid-19 pandemiyasiga qarshi shoshilinch choralar koʻrish» hamda «Rivojlantirish siyosatini qoʻllab-quvvatlash» loyihalarini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi 165-son qaror qabul qilindi.
Prezidentning 22.04.2020 yildagi «Koronavirus pandemiyasi davrida aholi, byudjet, bazaviy infratuzilma va tadbirkorlik sub’yektlarini qoʻllab-quvvatlash uchun tashqi yordam mablagʻlarini jalb qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi PQ-4691-son qaroriga muvofiq, Respublika byudjeti хarajatlarini moliyalashtirish maqsadida Yaponiya хalqaro hamkorlik agentligining kreditlari quyidagi shartlarda jalb etiladi:
• «Oʻzbekistonda koronavirus Covid-19 pandemiyasiga qarshi shoshilinch choralar koʻrish» loyihasi doirasida 15 yil muddatga, shu jumladan 4 yillik imtiyozli davr bilan yillik 0,01 foizda 15,0 mlrd yapon iyenasi miqdorida;
• «Rivojlantirish siyosatini qoʻllab-quvvatlash» loyihasi boʻyicha 25 yil muddatga, shu jumladan 7 yillik imtiyozli davr bilan 6 oylik LIBOR + 1,1 foizda 195,0 mln AQSh dollari miqdorida.
Qaror bilan ikkala loyiha boʻyicha asosiy qarzni qaytarish, foiz va bir martalik toʻlov boʻyicha toʻlovlarni amalga oshirishning prognoz jadvallari tasdiqlandi.
Moliya vazirligi loyihalarni amalga oshirish, kreditlar boʻyicha toʻlovlarni oʻz vaqtida toʻlash boʻyicha mas’ul etib tayinlandi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 30.03.2021 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova.