Vazirlar Mahkamasining 22.07.2023 yildagi “Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Hunarmandchilik va kasanachilikni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 307-son qarori qabul qilindi.
Hunarmandchilik va kasanachilikni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi Prezidentning 2023 yil 12 iyundagi “Aholini hunarmandchilikka jalb qilish va hunarmandchilik faoliyatini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-91-son Farmoniga muvofiq tashkil etilgan.
Hujjat bilan Hunarmandchilik va kasanachilikni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan mahallalarda kasanachilikni tashkil etgan tadbirkorlik sub’yektlariga subsidiya ajratish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.
Kasanachilikni tashkil etgan tadbirkorlik sub’yektlariga ularning dastlabki 3 oy davomidagi kasanachilik faoliyati uchun bir oylik oʻrtacha daromadi miqdorida bir martalik subsidiya ajratiladi.
Subsidiya olish uchun hokim yordamchisining tavsiyasi asosida mahalliy mehnat organiga yoki YaIDXP (my.gov.uz) orqali murojaat qilish lozim.
Murojaatda kasanachining ma’lumotlari, manzili, subsidiya toʻlab berilishi lozim boʻlgan hisobvaragʻi koʻrsatiladi. Murojaat 3 ish kuni davomida koʻrib chiqiladi.
Subsidiya ajratish toʻgʻrisida qaror qabul qilinganidan soʻng subsidiya 5 ish kuni ichida ariza beruvchiga oʻtkazib beriladi.
Subsidiya berish quyidagi hollarda rad etilishi mumkin:
- hujjatlar toʻliq taqdim etilmaganda;
- kasanachi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi yoki fuqarolik-huquqiy tusdagi shartnoma Yagona elektron shartnomalar aхborot portalida roʻyхatdan oʻtkazilmaganda;
- kasanachining dastlabki 3 oy davomidagi daromadi miqdori toʻgʻrisidagi ma’lumot haqqoniyligi tasdiqlanmasa.
Ariza beruvchi subsidiyani ajratish rad etilganligi haqida 1 kun davomida хabardor qilinadi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 25.07.2023 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova.