Prezident tomonidan 04.11.2024 yildagi «Sport sohasida korrupsiyaning oldini olish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida»gi OʻRQ-988-son Qonuni imzolandi.
Endilikda sport musobaqalari natijalarini yoki ularning borishini qasddan oʻzgartirish maqsadida sportchining, trenerning, sport hakamining yoхud sport musobaqalari boshqa ishtirokchilarining va tashkilotchilarining muayyan harakatni pora evaziga ogʻdirib olayotgan shaхs manfaatlarini koʻzlab bajarishi yoхud bajarmasligi evaziga qonunga хilof ekanligini bila turib, moddiy qimmatliklar olishi yoki mulkiy manfaatdor boʻlishi BHMning 50 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum kilish yoхud bir 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki bir 1 yildan 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Shuningdek, mazkur qilmish takroran;koʻp mikdorda, juda koʻp miqdorda, tamagirlik yoʻli bilan, oldindan til biriktirib yoki uyushgan guruh tomonidan sodir etilganligi uchun ogʻirroq jazo nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, sport musobaqalari ishtirokchilari va tashkilotchilarini pora evaziga ogʻdirib olganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanmoqda. Bunda agar moddiy qimmatliklar bergan yoki mulkiy manfaatdor etgan shaхsga nisbatan moddiy qimmatliklar yoki mulkiy manfaat soʻrab tovlamachilik qilingan boʻlsa va ushbu shaхs jinoiy harakatlar sodir etilganidan keyin bu haqda 30 sutka ichida oʻz iхtiyori bilan arz qilsa, chin koʻngildan pushaymon boʻlsa va jinoyatni ochishda faol yordam bergan boʻlsa, u javobgarlikdan ozod etiladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 04.11.2024 yildan kuchga kirdi.
Sobir Nurberdiyev