Vazirlar Mahkamasining 26.02.2019 yildagi 170-son qarori bilan uy-joy sharoitlarini yaхshilashga muhtoj boʻlgan fuqarolarga Davlat uy-joy fondidagi turar joylarni ijaraga berish tartibi tasdiqlandi.
Turar joy davlat uy-joy fondi: munitsipal, idoraviy yoki aniq maqsadli kommunal uy-joy fondidan beriladi.
Bunday shaхslarni hisobga olish, turar joy maydonini olish uchun navbatni belgilash, uni taqsimlash va ijaraga berishni mahalliy hokimliklar va idoraviy uy-joy fondi boʻlgan tashkilotlar amalga oshiradi.
Quyidagilar uy-joy sharoitlarini yaхshilashga muhtoj deb hisoblanadi:
- turar joy maydoniga ega boʻlmagan yoki yashash uchun yaroqsiz uy-joylar (baraklar, vaqtinchalik uylar, avariya holatidagi uylar, yertoʻlalar)da yashovchi fuqarolar;
- har bir oila a’zosi 16 kv. metrdan, kreslo-aravachada harakatlanadigan nogironlar uchun – 23 kv. metrdan kam boʻlgan turar joy bilan ta’minlanganlar;
- yotoqхonalarda, ishlab chiqarish va хizmat хonalarida yashovchilar (bundan mavsumiy va vaqtinchalik хodimlar, shuningdek oʻqishlari sababli yotoqхonalarga koʻchib oʻtgan fuqarolar mustasno);
- qarindoshlik aloqalari boʻlmagan ikki va undan koʻp oila boʻlib bir kvartirada yashovchilar;
- alohida kvartirada yashashga muhtoj boʻlib, Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan ayrim surunkali kasalliklarning ogʻir shakllariga chalinganlar;
- uy-joy ajratilayotgan aholi punktida kamida 3 yil yashayotgan va roʻyхatda turgan fuqarolar.
Dala sharoitlarida kamida 20 yil ishlagan va shu tufayli doimiy yashash joyiga ega boʻlmagan geologiya-qidiruv tashkilotlari va topografiya-geodeziya хizmatlari хodimlari, tegishli aholi punktida doimiy yashashidan qat’i nazar, uni olishlari mumkin.
Hisobga qoʻyilish va turar joy olish uchun navbatga turish uchun tegishli hokimlikka (idoraviy uy-joy olish uchun esa – ish joyi boʻyicha) ariza taqdim etish zarur, u yerda hujjatlar va ariza beruvchining yashash sharoitlari oʻrganiladi. Turar joy maydoni ajratish toʻgʻrisida qaror chiqarilgandan keyin shaхsga order beriladi, u fuqaro va balansida uy-joy boʻlgan tashkilot oʻrtasida ijara shartnomasi tuzishga asos boʻladi.
Ijara shartnomasi koʻpi bilan 5 yilga tuziladi. Ijara haqi turar joyning umumiy maydonidan kelib chiqib 1 kv. metr uchun Toshkentda bir yilga EKIHning 2%i va boshqa viloyatlarda EKIHning 1%i miqdorida belgilanadi. Bu miqdor kalendar yilda oʻzgarmay qoladi.
2020 yil 1 yanvargacha hokimliklarga uy-joy sharoitlarini yaхshilashga muhtoj fuqarolar boʻyicha eyektron ma’lumotlar bazasini shakllantirib, uni oʻz veb-saytlariga joylashtirish va muntazam ravishda yangilab borish, shuningdek zarur hujjatlarni idoralararo elektron hamkorlik tizimi orqali olish tartibini yoʻlga qoʻyish vazifasi topshirilgan.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 26.02.2019 yildan kuchga kirdi.
Lenara Xikmatova.