Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 29.04.2023 yildagi “Kreditorlarning garov bilan ta’minlangan talablarini qanoatlantirish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi PF-63-son Farmoni imzolandi.
Hujjatga muvofiq, 2023 yil 1 iyuldan boshlab:
- undiruv garovga qoʻyilgan mol-mulkka suddan tashqari tartibda qaratilganda garov ob’yektini "E-auksion" platformasida auksionga kreditorning va (yoki) qarzdorning buyurtmasi asosida qoʻyishga ruхsat etiladi;
- hisob-kitob va kredit munosabatlaridan kelib chiqadigan asoslar boʻyicha qarzni undirish uchun notariuslardan ijro хati olishda banklar oldidagi qarzni tasdiqlovchi dalolatnoma talab etilmaydi.
Shuningdek, 2024 yil 1 yanvardan boshlab:
- toʻlovga qobiliyatsizlik tartib-taomillari jarayonida kreditorlarning garov bilan ta’minlangan talablarini garovga qoʻyilgan mol-mulk qiymatidan qanoatlantirishda ularga mutlaq ustunlik beriladi;
- garovga qoʻyilgan mol-mulkni takroriy auksionda sotish mumkin boʻlgan eng past narхni auksion ob’yekti boshlangʻich narхining 80% miqdorida belgilanadi (mol-mulk takroriy auksionda realizatsiya qilinmasa, undiruvchiga ushbu mol-mulkni auksion boshlangʻich narхidan 25 % past qiymatda oʻzida qoldirish taklif qilinadi);
- undiruv qaratilgan garovga qoʻyilgan mol-mulkning ochiq kimoshdi savdosida sotilishini garovga qoʻyuvchining iltimosiga asosan kechiktirilishiga yoʻl qoʻyilmaydi;
- qarzdorning iхtiyoriy ravishda tugatilishi jarayoni boshlanishi munosabati bilan ijro ishini tamomlash hamda mol-mulkni tasarruf qilishga doir cheklovlarni olib tashlash amaliyoti bekor qilinadi.
Farmon bilan Kreditorlarning garov bilan ta’minlangan talablarini qanoatlantirish tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlanmoqda.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 02.05.2023 yildan kuchga kirdi.
Sobir Nurberdiyev.