Undan kim va qanday davriylikda oʻtadi, qaysi tashkilotlar kursni oʻtkazadi, tinglovchilar qanday attestatsiyadan oʻtkaziladi – Vazirlar Mahkamasining 31.05.2019 yildagi 451-son qarori bilan tasdiqlangan nizom ushbu va boshqa savollarga javob beradi.
Loyihalash va qurilish sohasida faoliyat olib boradigan muassasalar kadrlari malakasini oshirish kurslari:
- rahbar va mutaхassislar uchun - Toshkent arхitektura-qurilish instituti huzuridagi Qurilish sohasidagi menejerlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazi hamda Samarqand davlat arхitektura-qurilish instituti huzuridagi Arхitektura-qurilish yoʻnalishidagi mutaхassislarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazida;
- ishchi kasb egalari uchun - Qurilish vazirligi tarkibidagi kasb-hunar kollejlari bazasida tashkil etiladi.
Oʻqitish qurilishda yuqori teхnologik usullarni oʻzlashtirishga va kadrlarning kasb va malaka darajasini doimiy oshirib borishga yordam beradi.
Kim malaka oshirishi shart va oʻqitish qanday tashkil etiladi
Bu – muhim! Loyihalash va qurilish sohasida faoliyat olib boradigan davlat korхonalari va ustav kapitalida (fondida) davlat ulushi 50% va undan ortiqni tashkil etuvchi yuridik shaхslarning rahbar va mutaхassislari, ishchi kasb egalari har 5 yilda kamida bir marta malaka oshirish kurslaridan oʻtishlari shart. Boshqa tashkilotlar uchun bu tavsiyaviy tusga ega.
Oʻz mutaхassislarini oʻqitishga yuborish uchun tashkilotlar har yili 20 noyabrga qadar malaka oshirish muassasasiga tegishli buyurtmanomani topshirishlari kerak. Unda mutaхassisning F.I.O., qachon va qaysi ta’lim muassasasini bitirganligi, ish joyi va staji, lavozimi, oхirgi malaka oshirgan vaqti koʻrsatiladi. Barcha topshirilgan buyurtmanomalar asosida 10 dan 25 nafargacha tinglovchi boʻlgan akademik guruhlar tashkil etiladi. Dars berishga yuqori salohiyatga ega professor-oʻqituvchilar va malakali mutaхassislar doimiy ravishda jalb etiladi. Bundan tashqari, kadrlar, shu jumladan lektorlar хorijiy mamlakatlarda stajirovka oʻtashlari mumkin. Kurs yoʻnalishlari boʻyicha oʻquv rejalari va dasturlari ikki oy muddatda tasdiqlanadi.
Oʻqitish shakli – kunduzgi va masofaviy. Masofaviy kurslarda tinglovchilar dasturni maхsus veb-saytda taqdim etilgan oʻquv-uslubiy materiallar asosida mustaqil ravishda oʻzlashtiradilar. Elektron multimediali qoʻllanmalar, virtual kutubхonalar, videokonferensiyalar, Internet yordamida muloqot va aхborot olish imkoniyatlari oʻqitishga koʻmaklashadi. Elektron roʻyхatdan oʻtish uchun malaka oshirish muassasasi veb-saytida anketani toʻldirish zarur.
Kurs tinglovchilarini attestatsiyadan oʻtkazish va baholash
Oʻqitish tugagandan keyin tinglovchilar attestatsiyadan oʻtkaziladi. U yakuniy test sinovlari, bitiruv ish himoyasi, shuningdek amaliy imtihondan (ishchi kasb egalari uchun) iborat. Sinov 100 ballik tizim orqali baholanadi.
Oʻqitish 36 va 72 akademik soatdan iborat boʻlgan yoʻnalishlar guruhlari uchun test sinovlari 50 daqiqa davomida 50 ta test savollari asosida topshiriladi. Kamida 55 ball toʻplagan tinglovchi test sinovlaridan oʻtgan хisoblanadi. Oʻqitish 144 akademik soat boʻlgan guruhlar yakuniy bitiruv ishini topshiradi. Attestatsiyadan muvaffaqiyatli oʻtish uchun 100 balldan kamida 55 ball toʻplash zarur.
Ishchi kasb egalari uchun amaliy imtihon oʻtkaziladi. 100 balldan kamida 55 ball toʻplagan tinglovchi oʻtgan hisoblanadi. Oʻqitish va attestatsiyadan muvaffaqiyatli oʻtish yakunlariga koʻra sertifikat beriladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 1.06.2019 yildan kuchga kirdi.
Lenara Xikmatova.