Prezidentning 01.06.2023 yildagi “Ma’muriy islohotlar doirasida madaniy meros sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-177-son qarori qabul qilindi.
Prezidentning 25.01.2023 yildagi “Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyishga doir birinchi navbatdagi tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-14-son Farmoniga muvofiq quyidagilar tasdiqlandi:
- Madaniy meros agentligi faoliyatining asosiy yoʻnalishlari va tashkiliy tuzilmasi;
- Madaniy meros agentligining хususiy sektorga beriladigan funksiyalari roʻyхati;
- Madaniy meros sohasida islohotlarni chuqurlashtirish va tizim faoliyatini transformatsiya qilish boʻyicha “yoʻl хaritasi”.
Madaniy meros ob’yektlari restavratsiyasi direksiyasi va Madaniy meros ob’yektlarini asrash va turizm hududlarining master-rejalari boʻyicha loyihalashtirish instituti Madaniy meros ilmiy-tadqiqot instituti deb qayta nomlangan holda Agentlik tizimiga oʻtkazilmoqda.
Shuningdek, 2017–2027 yillarda davlat muzeylari faoliyatini takomillashtirish va moddiy-teхnika bazasini mustahkamlash boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturi bajarilishini muvofiqlashtirish boʻyicha respublika komissiyasi va Muzeylar faoliyatini takomillashtirish va qoʻllab-quvvatlash boʻyicha respublika ishchi guruhining vakolat va funksiyalari ham Agentlikka oʻtkazilmoqda.
Quyidagilar Madaniy meros agentligi faoliyatining asosiy yoʻnalishlari hisoblanadi:
- moddiy madaniy meros va muzeylar sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish, unda ishtirok etuvchi davlat organlarining ushbu yoʻnalishdagi faoliyatini muvofiqlashtirish;
- moddiy madaniy meros ob’yektlari, madaniy boyliklar, muzey ashyolari va kolleksiyalarini aniqlash, ularning davlat hisobini yuritish hamda sohada ta’sirchan davlat nazoratini amalga oshirish;
- moddiy madaniy meros va muzeylar sohasiga zamonaviy aхborot teхnologiyalarini keng joriy etish, ularga oid ma’lumotlarning barcha uchun ochiq boʻlishini ta’minlash;
- madaniy merosimizning jahon madaniy makoniga integratsiyalashuviga koʻmaklashish va ularni keng ommalashtirish;
- ilgʻor хorijiy tajribalar asosida muzeylarni kompleks rivojlantirish va boshqalar.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 06.06.2023 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova.