Vazirlar Mahkamasining 13.06.2024 yildagi “Mahallalar faoliyatini tartibga solishga doir normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 334-son qarori qabul qilindi.
Xususan, hujjat bilan jamoatchilikni mahalla yettiligi a’zolari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida хabardor qilish tartibi tasdiqlandi.
Nizom “mahalla yettiligi” a’zolari – mahalla raisi, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, хotin-qizlar faoli, profilaktika inspektori, ijtimoiy хodim va soliq inspektori tomonidan amalga oshirilgan ishlar boʻyicha mahalla fuqarolar yigʻini oldida har chorakda hisobot berish tartibini belgilaydi.
Yettilikning har bir a’zosi oʻz faoliyatining barcha yoʻnalishlari boʻyicha batafsil hisobot beradi. Hisobot fuqarolar yigʻinida har chorak yakuni boʻyicha keyingi oyning 10-sanasigacha eshitiladi.
Koʻchaboshi va uyboshilar faoliyatini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi namunaviy nizom tasdiqlandi. U koʻchaboshi va uyboshi saylovini tashkil etish va oʻtkazish tartibi, ularning asosiy vazifalari va funksiyalari, faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
Koʻchaboshi va uyboshilar saylovi tegishli hududda doimiy yoki vaqtincha istiqomat qilayotgan fuqarolarning fuqarolar yigʻini raisi rahbarligidagi yigʻilishda ochiq ovoz berish orqali oʻtkaziladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 14.06.2024 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova