Vazirlar Mahkamasining 21.02.2025 yildagi «Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi VMQ-104-son qarori qabul qilindi.
Prezidentning 04.04.2023 yildagi PQ-108-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.
Hujjat bilan institutning asosiy vazifalari va funksiyalari belgilandi. U davlat dasturlarini, shu jumladan aholini ish bilan ta’minlash va daromadlarini oshirish boʻyicha dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirishda ilmiy asoslangan taklif va tavsiyalar tayyorlash, hududlar kesimida iqtisodiy koʻrsatkichlarni tahlil qilish va boshqalar bilan shugʻullanadi.
Shuningdek, qaror bilan Institut huzurida yuridik shaхs maqomiga ega boʻlmagan Tadqiqotlarni qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi. U quyidagilarni belgilaydi:
- Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish manbalari va ulardan foydalanish maqsadlari;
- Jamgʻarma faoliyatini boshqarish va mablagʻlardan foydalanish hisobini yuritish tartibi.
Jamgʻarmani moliyalashtirish manbalari:
- Davlat byudjetidan har yili Institutning yillik mehnatga haq toʻlash fondining 40 % miqdorida ajratiladigan mablagʻlar;
- qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 24.02.2025 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova