Vazirlar Mahkamasining 12.02.2025 yildagi 83-son "2025-2026 yillarda bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida"gi qarori qabul qilindi.
Prezidentning 23.09.2024 yildagi “Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-330-son qaroriga muvofiq 2025 yil yakuniga qadar bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasini 80 foizga yetkazish vazifasi qoʻyilgan.
Hujjatga koʻra quyidagilar tashkil etiladi:
- turmush darajasi va toʻlov qobiliyati yuqori boʻlgan (kam ta’minlangan oilalar soni kam) mahallalarda DXSh asosida nodavlat bolalar bogʻchalari;
- olis va chekka hududlardagi mahallalarda (tuman va shaharlar markazida emas) oilaviy nodavlat bolalar bogʻchalari;
- daromad darajasi past (nisbatan kam ta’minlangan oilalar soni koʻp) va demografik oʻsish sur’ati yuqori tumanlarda nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari DXSh asosida tashkil etilib, davlat kreditlari va grantlari, shuningdek хalqaro moliya institutlari mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi;
- ijtimoiy muassasalarning boʻsh turgan binolarida qisqa muddatli guruhlar.
2025 yil yakuniga qadar kam ta’minlangan oilalardagi bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish rejalashtirilgan.
Hujjat bilan quyidagilar tasdiqlangan:
- 2025-2026 yillarda bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasini oshirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi hamda 3-7 yoshdagi bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olishning maqsadli koʻrsatkichlari;
- 2025-2026 yillarda 3-7 yoshdagi bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olishning maqsadli koʻrsatkichlari;
- Jahon bankining "Erta yoshdagi bolalar rivojlanishini qoʻllab-quvvatlash" loyihasi doirasida davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarining oʻyin maydonchalari va tayyorlov guruhlarini stol va stullar bilan jihozlash koʻrsatkichlari.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 12.02.2025 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova