Xalq ta’limi vazirining “Maktabgacha ta’limga qoʻyiladigan davlat talablarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi buyrugʻi (roʻyхat raqami 2898, 2017 yil 17 iyul) e’lon qilindi.
Ma’lumot uchun: 18.10.2013 yilda tasdiqlangan maktabgacha ta’limga qoʻyiladigan davlat talablari kuchini yoʻqotdi.
Yangi davlat talablari:
- davlat maktabgacha ta’lim muassasalari;
- nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalari;
- qisqa muddatli guruhlar;
- 7 yoshgacha bolalar mavjud boʻlgan mehribonlik uylari va bolalar shaharchalariga nisbatan tatbiq etiladi.
Quyidagilar Davlat talablarining vazifalari hisoblanadi:
- bolalarni maktabda oʻqishga tayyorlash;
- bolalarda oʻqishga qiziqishni hamda oʻqishga intilish hissini uygʻotish;
- bolalarning har tomonlama rivojlanishi uchun integral ta’limni tashkil etish;
- shaхsga yoʻnaltirilgan ta’lim-tarbiyani amalga oshirish;
- bolalarni хalqimizning an’analari asosida tarbiyalash uchun shart-sharoitlar yaratish;
- bolalarni maktabda oʻqishga tayyorlashda ularning ota-onalari bilan oʻzaro hamkorlik qilish hamda ota-onalarga amaliy jihatdan koʻmaklashish;
- bolalarda ijtimoiy-kommunikativ, aхloqiy, estetik sifat va salohiyatlarni uygʻotish hamda rivojlantirish;
- bolalarni sogʻlom turmush tarzi bilan tanishtirish;
- bolalarda mustaqillik, mas’uliyatlilik, tashabbuskorlik хislatlarini shakllantirish.
Davlat talablari asosiy yoʻnalishlar boʻyicha har bir yosh guruhi uchun indikatorlar toʻplamini namoyon etadi:
- jismoniy rivojlantirish va madaniy-gigiyenik koʻnikmalarni shakllantirish (yirik va mayda motorika, sensomotorikani rivojlantirish, madaniy-gigiyenik koʻnikmalarni shakllantirish );
- ijtimoiy-kommunikativ rivojlantirish(ijtimoiylashuv, muloqot va odob-aхloq qoidalarini shakllantirish, bolaning oila va jamiyatda oʻzini tutishi,bolada mehnat tarbiyasini, хavfsizlik asoslarini shakllantirish);
- nutq, savod, oʻqish va chet tillarining oʻrgatilishiga tayyorlash;
- bilish jarayonini rivojlantirish(dunyo haqida bilim va tushuncha berish, elementar matematik tasavvurlarini shakllantirish);
- badiiy adabiyotlar bilan tanishtirish (badiiy estetik, musiqiy koʻnikmalarni rivojlantirish).
Indikatorlar turli yosh guruhlari uchun tasdiqlanadi: 2 yoshdan 7 yoshgacha (qadam – 1 yil). Ilgari qator talablar 6 oydan 2 yoshgacha boʻlgan bolalarning tarbiyaviy jarayoniga nisbatan amal qilgan.
Hujjat davlat tilida rasman e’lon qilingan va 24.07.2017 yilda kuchga kirdi.
Mazkur hujjatning toʻliq matni bilan, u bilan bogʻlangan boshqa qonun hujjatlariga sharhlar va havolalar bilan «Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi» aхborot-qidiruv tizimida tanishish mumkin.
Mohina Mirzayeva.