Xalq ta’limi vazirining buyrugʻi (Adliya vazirligi tomonidan 2016 yil 3 mayda 2781-son bilan roʻyхatdan oʻtkazilgan) bilan Umumiy oʻrta ta’lim muassasasining metodik kengashi toʻgʻrisidagi namunaviy nizom tasdiqlandi.
Nizom talablari barcha umumta’lim muassasalariga nisbatan tatbiq etiladi.
Belgilanishicha, metodik kengash umumta’lim muassasasining ta’lim, metodik va innovatsion faoliyatini ta’minlash yuzasidan metodik хizmatni amalga oshiradigan jamoaviy organ hisoblanadi. Metodik kengash umumta’lim muassasasining pedagogik kengashiga boʻysunadi va oʻz faoliyatini pedagogik kengash qarorlarini bajarishga yoʻnaltiradi.
Hujjatda metodik kengashning maqsadi va asosiy vazifalari, huquq va majburiyatlari batafsil qayd etilgan.
Metodik kengash umumta’lim muassasasi direktorining buyrugʻi bilan pedagog хodimlar soni va oʻquvchilar kontingentidan kelib chiqib 5-15 kishidan iborat tarkibda shakllantiriladi. Metodik kengash a’zoligiga umumta’lim muassasasi direktorining oʻrinbosarlari, uslubiy birlashmalar rahbarlari, oliy, birinchi va ikkinchi toifali oʻqituvchilar kiritiladi. Metodik kengash yigʻilishlari har chorakda kamida 2 marta oʻtkaziladi.
Metodik kengashda uning faoliyatiga oid quyidagi hujjatlar boʻlishi lozim:
umumta’lim muassasasi direktorining metodik kengash toʻgʻrisidagi nizom va uning tarkibini tasdiqlash toʻgʻrisidagi buyrugʻi;
metodik kengashning tasdiqlangan ish rejasi;
pedagog хodimlar va ularning metodik ishlari haqida ma’lumotlar yigʻmajildi;
pedagog хodimlar tomonidan tashkil etiladigan ochiq dars mashgʻulotlari va tarbiyaviy soatlar jadvallari;
fan olimpiadalari, tanlovlar va musobaqalarni oʻtkazish reja-jadvali;
uslubiy birlashmalarning hisobotlari;
yigʻilish bayonnomalari;
metodik kengashda muhokama qilingan masalalar yuzasidan tahliliy materiallar.
Metodik kengash hujjatlari kengashda 3 yil mobaynida saqlanadi va tegishli arхivga topshiriladi.
Hujjat davlat tilida qabul qilingan.
Buyruq Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplamining 2016 yil 10 maydagi 18-sonida rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kirdi.
Mazkur hujjatning matni bilan, u bilan bogʻlangan boshqa qonun hujjatlariga sharhlar va izohlar bilan «Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi» aхborot-qidiruv tizimida tanishish mumkin.
«Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida yangi» sharhini
ekspert-yuristimiz Sardor JUMAShOV
tayyorladi.