Vazirlar Mahkamasining 11.05.2020 yildagi «Ilmiy tashkilotlar reytingini aniqlash tartibini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi 274-son qarori qabul qilindi.
Mamlakatimizdagi ilmiy muassasalar faoliyatini reyting asosida baholash tizimini joriy etish «Ilm-fan va ilmiy faoliyat toʻgʻrisida»gi Qonun va Prezidentning 1.11.2017 yildagi «Ilmiy-tadqiqot muassasalarining infratuzilmasini yanada mustahkamlash va innovatsion faoliyatini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi PQ-3365-son qarorida nazarda tutilgan.
Qabul qilingan hujjat bilan Ilmiy tashkilotlar reytingini aniqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlangan. Innovatsion rivojlanish vazirligi ushbu tizimni shakllantirish uchun mas’ul etib belgilangan. Uning zimmasiga quyidagi vazifalar yuklangan:
- ilmiy tashkilotlarning ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyat darajasi, ilmiy-tadqiqot ishlari sifati, ilmiy-innovatsion faoliyat natijalarini tavsiflovchi ma’lumotlar bazasini shakllantirish;
- har yili ilmiy tashkilotlar reytingini tuzish;
- milliy ilmiy tashkilotlarning dunyodagi nufuzli ilmiy markazlar reytingiga kirishida amaliy yordam koʻrsatish;
- reyting natijalari asosida ilmiy tashkilotlarda ilmiy-tadqiqot va innovatsiya ishlari sifatini oshirishga kiritilgan aniq takliflarni nazarda tutuvchi respublikadagi ilmiy tashkilotlar faoliyati toʻgʻrisida tahliliy aхborot tayyorlash va Vazirlar Mahkamasiga kiritish.
Boʻysunuvida ilmiy tashkilotlar boʻlgan vazirliklar, idoralar hamda ilmiy tashkilotlar tomonidan reytingni aniqlashga oid ma’lumotlar har yili 1 fevralga qadar Innovatsion rivojlanish vazirligiga taqdim etiladi, reyting 1 mayga qadar aniqlanishi lozim.
Bir oy muddatda reytingni hisoblash metodikasi ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 12.05.2020 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova.