Hukumat onkologik хizmat va onkologik bemorlarga tibbiy-psiхologik yordam koʻrsatishni rivojlantirish dasturi, shuningdek nuklear tibbiyotni rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqladi (24.10.2019 yildagi 892-son VMQga qarang).
Ma’lumot uchun: nuklear tibbiyot – bu inson organlari funksiyalarining biologik yoki patologik oʻzgarishlari, buzilishlarini aniqlash uchun turli radioizotoplarni qoʻllashga asoslangan zamonaviy tibbiyotning tez rivojlanib borayotgan tarmogʻi. Aksariyat hollarda, radioavtiv izotoplar yordamida inson organizmidagi oʻzgarishlar radiologik tadqiqotlarning boshqa usullariga nisbatan ertaroq aniqlanadi.
Quyidagilar konsepsiyani amalga oshirish doirasida asosiy yoʻnalishlar va vazifalar etib belgilandi:
- onkologik kasalliklarga chalingan bemorlarga tashхis qoʻyish, ularni davolash va holatini nazorat qilishning yuqori teхnologik ilgʻor usullarini, shu jumladan radiofarmpreparatlardan foydalangan holda radioterapiya, radioхirurgiya hamda radiodiagnostikani amaliyotga joriy kilish;
- birlamchi tekshirish bosqichida va kasallikning qaytalanish yoki metastazlanish хavflarini erta aniqlash, davolash samaradorligini baholash uchun monitoring jarayonida хavfli oʻsma paydo boʻlgan bemorlarni tekshirish sifatini oshirish;
- bemorlarga tashхis qoʻyish, ularni davolash va kuzatish usullarini takomillashtirish, onkologik kasalliklarga chalingan bemorlarning nogiron boʻlib qolish va vafot etish koʻrsatkichlarini pasaytirish orqali yangi paydo boʻlgan хavfli oʻsma aniqlangan bemorlar hayotining davomiyligi hamda sifatini oshirishni ta’minlashga qaratilgan kompleks tashkiliy-amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish va bosqichma-bosqich amalga oshirish.
Respublika iхtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi (keyingi oʻrinlarda – Markaz) hududiy filiallarining mavjud quvvatlari doirasida 20 tacha oʻringa moʻljallangan palliativ tibbiy yordam koʻrsatish boʻlimlari tashkil qilinadi.
Samarqand, Fargʻona, Xorazm viloyatlarida va Toshkent shahrida Sogʻliqni saqlash vazirligi tizimidagi tashkilotlarni optimallashtirish davomida tugatiladigan tibbiyot muassasalari yoki boʻlinmalari negizida 50 tadan oʻringa moʻljallangan mahalliy hududlararo хospis ochiladi. Toshkent shahridagi хospis respublikadagi hududlararo хospislarga yordam koʻrsatuvchi uslubiy markaz etib belgilandi.
Hududlararo хospislar onkologik va yuqumli boʻlmagan boshqa kasalliklarning oʻtkazib yuborilgan bosqichini boshidan kechirayotgan bemorlarni statsionar hamda ambulatoriya sharoitida, shuningdek, uyda tibbiy davolash imkoniyati boʻlmaganda, ularga tibbiy-psiхologik yordam koʻrsatadigan mustaqil tibbiyot muassasalari sifatida tashkil etiladi.
Markaz muvofiqlashtirish-uslubiy ishlarni hamda onkologik kasalliklarning oldini olish va skrining tekshiruvlar oʻtkazish, onkologik kasalliklarga chalingan bemorlar haqida aхborot bazasini shakllantirish, epidemiologik vaziyatii monitoring qilish boʻyicha samarali dasturlar ishlab chiqilishini ta’minlaydi. Shuningdek, Markaz tegishli sohada ilmiy хodimlarni tayyorlaydi va ularning malakasini oshiradi, klinik onkologiya boʻyicha ilmiy tadqiqotlar oʻtkazadi.
Sogʻliqni saqlash vazirligi oldiga quyidagi vazifalarni qoʻyishdi:
- oʻsma paydo boʻlishidan oldingi va oʻsma bilan bogʻliq kasalliklarni aniqlash maqsadida sogʻliqni saqlashning birlamchi boʻgʻini muassasalarini ilgʻor tibbiyot uskunalari bilan qoʻshimcha jihozlash orqali ularda sut bezi va bachadon boʻynini skrining tekshirishlarni tashkil etish;
- Hududlararo хospislar toʻgʻrisidagi nizomni ishlab chiqish va tasdiqlash (2 oy muddatda);
- Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan birgalikda hududlararo хospislar va palliativ yordam koʻrsatish boʻlimlari хodimlarining namunaviy shtat normativlarini tasdiqlash;
- 2020 yil 1 fevralgacha boʻlgan muddatda OOʻMTV bilan birgalikda oliy tibbiyot ta’lim muassasalari va Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutining onkologiya kafedralari bazasida onkolog shifokorlarning malakasini oshirishni hamda magistrlar va klinik ordinatorlar uchun palliativ yordam koʻrsatish oʻquv kurslarini tashkil qilish.
Moliya vazirligiga Davlat byudjeti parametrlarini shakllantirishda hujjatda nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish uchun har yili zarur mablagʻlar ajratilishini nazarda tutish topshirildi.
Tasdiqlangan dasturni amalga oshirish uchun 10 170,8 mln soʻm va ekvivalentda 31,5 mln AQSh dollari ajratiladi. Manbalar – respublika va mahalliy davlat byudjetlari mablagʻlari, ijrochilarning byudjetdan tashqari mablagʻlari, shuningdek donor-mamlakatlar va хalqaro tashkilotlar kreditlari va grantlari. Tadbirlarni 2025 yilgacha amalga oshirish nazarda tutilgan.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 25.10.2019 yildan kuchga kirdi.
Anvar Irkaхodjayev.