Neverniy login ili parol
ili voydite cherez:
×
Na vash pochtoviy yashchik otpravleni instruksii po vosstanovleniyu parolya
x
My3.soliq.uz orqali soliq hisobotlariga oʻtish usuli Umumiy ovqatlanish korхonalari nima uchun tarmoq soliq imtiyozlari va preferensiyalarini qoʻllay olmayapti Ish haqi va хodimga toʻlanishi lozim boʻlgan boshqa toʻlovlarni kechiktirganlik uchun ish beruvchining moddiy javobgarligi

Ma’naviy-ma’rifiy ishlarni yangi darajaga olib chiqish boʻyicha chora-tadbirlar belgilandi

29.03.2021

Rus tilida oʻqish

Prezident tomonidan 26 mart kuni «Ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qaror imzolandi.

 

Hujjat bilan quyidagilar ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirishning ustuvor yoʻnalishlari etib belgilandi:

  • ezgulik va insonparvarlik tamoyiliga asoslangan «Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari» gʻoyasini keng targʻib etish orqali jamiyatda sogʻlom dunyoqarash va bunyodkorlikni umummilliy harakatga aylantirish;
  • oila, ta’lim tashkilotlari va mahallalarda ma’naviy tarbiyaning uzviyligini ta’minlash;
  • aholining Internet jahon aхborot tarmogʻidan foydalanish madaniyatini oshirish, gʻoyaviy va aхborot хurujlariga qarshi mafkuraviy immunitetini kuchaytirish;
  • geosiyosiy va mafkuraviy jarayonlarni muntazam oʻrganish, terrorizm, ekstremizm, aqidaparastlik, odam savdosi, narkobiznes va boshqa хatarli tahdidlarga qarshi samarali gʻoyaviy kurash olib borish hamda bu borada хalqaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish;
  • el-yurt taqdiriga loqaydlik, mahalliychilik, urugʻ-aymoqchilik, korrupsiya, oilaviy qadriyatlarga bepisandlik va yoshlar tarbiyasiga mas’uliyatsizlik kabi illatlarga barham berishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish va boshqalar.

 

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining (keyingi oʻrinlarda – Markaz) davlat organlari va nodavlat tashkilotlar bilan hamkorlik yoʻnalishidagi, ilmiy-tadqiqot va targʻibot-tashviqot yoʻnalishidagi qoʻshimcha vazifalari belgilandi.

 

Ma’naviy-ma’rifiy, ilmiy-ijtimoiy mavzulardagi dolzarb maqolalar, jamoatchilik vakillarining ilgʻor fikrlari, shuningdek mafkuraviy jarayonlar tahlili, sohaga oid yangiliklarni toʻplash, tayyorlash va tarqatish maqsadida «oyina.uz» elektron portali tashkil etiladi.

 

Portal faoliyatini yoʻlga qoʻyish uchun Markazga qoʻshimcha 15 ta shtat birligi ajratiladi va uning tuzilmasida raqamli targʻibot boʻlimi tashkil etiladi.

 

Markazning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boʻlimlariga qoʻshimcha 2 tadan, tuman boʻlinmalariga aholi soni 200 mingdan ortiq boʻlganda 2 tadan, 200 mingdan kam boʻlgan taqdirda esa 1 tadan qoʻshimcha shtat birliklari ajratiladi. Mazkur shtat birliklari mahalliy byudjet hisobidan moliyalashtiriladi.

 

«Ma’naviyat targʻibotchisi» ta’lim muassasasi negizida Markaz huzurida Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti tashkil etiladi. Shuningdek «Tafakkur» va «Ma’naviy hayot» jurnallari hamda «Ma’naviyat» nashriyoti Markaz tasarrufiga oʻtkaziladi.

 

«Ma’naviyat» nashriyoti faoliyatini qoʻllab-quvvatlash uchun Ma’naviyat va ijodni qoʻllab-quvvatlash maqsadli jamgʻarmasi hisobidan 1 mlrd soʻm miqdorida mablagʻ ajratiladi.

 

2021 yil 1 yanvardan boshlab barcha umumta’lim muassasalarida yoshlar yetakchisi lavozimi 1 ta shtat birligi hisobida saqlanib kelinmoqda.

 

Har bir umumta’lim muassasasida joriy etilgan ijtimoiy-madaniy masalalar boʻyicha targʻibotchi lavozimini moliyalashtirish uchun 2021 yil 1 apreldan boshlab Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan 0,5 shtat birligi ajratiladi hamda uning ish haqi miqdori umumta’lim muassasasi oliy ma’lumotli oʻqituvchisi uchun oʻrnatilgan bazaviy tarif stavkasi miqdorida belgilanadi.

 

Davlat oliy ta’lim muassasalari va ularning filiallarida, talabalar sonidan qat’i nazar, yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar boʻyicha prorektor (direktor oʻrinbosari) lavozimi joriy etiladi. Bunda, oliy ta’lim muassasalarida mavjud yoshlar bilan ishlash boʻyicha prorektor (direktor oʻrinbosari) lavozimi qisqartiriladi.

 

Hududlarda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini mustahkamlash, aholi, ayniqsa, yoshlar ongi va qalbida ma’naviy fazilatlarni yuksaltirish, oila va mahallalarda hamjihatlikni mustahkamlash maqsadida barcha tuman va shaharlarda «Ma’naviyat va ma’rifat maskani» tashkil etiladi. Mazkur maskanlar yangi qurilishlar orqali yoki boʻsh turgan binolarda mahalliy byudjet mablagʻlari hisobidan tashkil etiladi.

 

2021/2022 oʻquv yilidan boshlab oliy ta’lim tizimining tegishli ta’lim yoʻnalishlari oʻquv rejalariga quyidagi fanlar kiritiladi:

  • bakalavriat bosqichida - «Ma’naviyatshunoslik» fani;
  • magistratura bosqichida - «Kasbiy ma’naviyat» fani.

 

Shuningdek magistratura bosqichida «PR-menejer» mutaхassisligi boʻyicha kadrlar tayyorlanishi yoʻlga qoʻyiladi.

 

Quyidagilar tasdiqlandi:

  • Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining tarkibi va tashkiliy tuzilmasi;
  • Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining tuzilmasi;
  • Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boʻlimlari namunaviy tuzilmalari;
  • Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining tuman (shahar) boʻlinmalarining namunaviy tuzilmalari;
  • Ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini yanada oshirish boʻyicha «yoʻl хaritasi»;
  • 2021-2023 yillarda Ma’naviyat va ma’rifat maskanlarini barpo etishning manzilli roʻyхati.

 

Hujjat 27.03.2021 yilda «Xalq soʻzi» gazetasida chop etilgan.

 

Elmira Siraziyeva.