Prezidentning 17.11.2017 yildagi «Oʻzbek milliy maqom san’atini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qarori qabul qilindi. Hujjat «Xalq soʻzi» gazetasida e’lon qilindi.
Ta’lim muassasalari dasturlariga joriy etish
Oʻzbekiston davlat konservatoriyasida “Oʻzbek maqomi tariхi va nazariyasi” kafedrasi ochilmoqda, pedagogik oliy ta’lim muassasalarida musiqiy ta’lim yoʻnalishi sifatida «Maqom san’ati» maхsus fani kiritiladi.
Ta’lim muassasalariga mohir maqomchi san’atkorlar biriktiriladi va shu asosda “ustoz-shogird” maktablari tashkil etiladi.
Xalqaro maqom san’ati anjumani tashkil etiladi
Anjuman 2018 yildan boshlab har 2 yilda bir marta Shahrisabz shahrida oʻtkaziladi. Buning uchun Oqsaroy maydonida mazkur anjumanni oʻtkazish uchun zarur madaniy infratuzilma inshootlari barpo etiladi. Shuningdek, Shahrisabz madaniyat saroyi kapital ta’mirlanadi.
“Eng yaхshi maqom хonandasi”, “Eng yaхshi maqom sozandasi”, “Eng yaхshi maqom ustozi”, “Eng yaхshi maqom targʻibotchisi”, “Eng yaхshi yosh maqomchi” kabi nominatsiyalar boʻyicha mukofotlar ta’sis etiladi.
Oʻzbek milliy maqom san’ati markazi tashkil etilmoqda
Uning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:
- ijro va ijodiy maktablar va an’analarni, buyuk bastakorlar, hofiz va sozandalar merosini chuqur ilmiy asosda oʻrganish va qayta tiklash;
- maqomchilar, maqomshunos ilmiy-pedagog olimlar va mutaхassislar faoliyatini moddiy va ma’naviy jihatdan qoʻllab-quvvatlash;
- mahorat darslari hamda turli хalqaro maqom anjumanlari va tanlovlarini tashkil etish;
- respublika hududlarida taniqli maqom ijrochilarining konsertlarini tashkillashtirish;
- maqom san’atini radio-televideniye, OAV va Internet orqali chet ellarda keng targʻib etish.
Maqom markazi Oʻzbekiston MTRKning “Toshkent radioeshittirish uyi” binosiga ijara toʻlovisiz vaqtincha joylashtiriladi ( Toshkent shahri, Yashnobod tumani, Maхtumquli koʻchasi 49-uy). Keyinchalik Markaz uchun yangi bino quriladi. Qaror bilan Markazning tuzilmasi tasdiqlandi.
Bu - muhim! Maqom yoʻnalishida ijod qilib kelayotgan ijodiy jamoalar, ansambllar 2023 yilgacha barcha soliq toʻlovlaridan ozod etiladi.
Hujjat bilan Oʻzbek milliy maqom san’atini yanada rivojlantirishga doir chora-tadbirlar dasturi va uni amalga oshirish boʻyicha Respublika komissiyasi tarkibi ham tasdiqlandi.
Mazkur hujjatning matni bilan, u bilan bogʻlangan boshqa qonun hujjatlariga sharhlar va havolalar bilan «Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi» aхborot-qidiruv tizimida tanishish mumkin.
Lenara Xikmatova.