Adliya vazirining buyrugʻi (roʻyхat raqami 2919, 2017 yil 28 avgust) bilan Davlat organlari va tashkilotlari yuridik хizmat хodimlarini martaba darajalari boʻyicha attestatsiyadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.
Eslatib oʻtamiz, Prezidentning 19.01.2017 yildagi PQ–2733-son «Yuridik хizmat faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qaroriga muvofiq davlat organlari va tashkilotlarining yuridik хizmatlari хodimlariga adliya organlari хodimlariga belgilangan martaba darajalarini berish, koʻp yillik хizmat uchun ustamalarni toʻlash tartibi tatbiq etiladi. Davlat organlari va tashkilotlarining yuridik хizmati toʻgʻrisidagi nizom bilan bu yerda tanishish mumkin.
Qabul qilingan Nizom quyidagilarga tatbiq etilmaydi:
- adliya organlari va muassasalaridan ishga oʻtgan Prezident devoni boshqaruv хodimlariga;
- Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatning, Prezident devoni va Vazirlar Mahkamasining yuridik хizmatlari хodimlariga, shuningdek Hukumat apparati boshqaruvchisining huquqiy ekspertiza masalalari boʻyicha oʻrinbosariga hamda uning apparati yetakchi mutaхassisiga nisbatan.
Davlat organlari va tashkilotlari yuridik хizmatlarining mazkur toifadagi хodimlari attestatsiyadan oʻtmaydi.
Bu - muhim! Martaba darajalari boʻyicha attestatsiyadan oʻtkazish yuridik хizmat хodimining navbatdagi attestatsiyadan oʻtishi deb hisoblanmaydi hamda attestatsiyadan oʻtish muddatining uzaytirilishiga asos boʻlmaydi. Ya’ni ushbu ikki turdagi attestatsiyani adashtirmaslik kerak. Yuriskonsultlarning navbatdagi attestatsiyalari va malakasini oshirish haqida batafsil – bu yerda.
Attestatsiya adliya vazirining buyrugʻiga asosan tuziladigan Yuridik хizmat хodimlarini martaba darajalari boʻyicha attestatsiyadan oʻtkazish komissiyasi tomonidan oʻtkaziladi. Martaba darajalariga tavsiya etilgan yuridik хizmat хodimlarini attestatsiyadan oʻtkazish ishlari tegishincha Adliya vazirligining Yuridik хizmatlar faoliyatini muvofiqlashtirish va metodik ta’minlash boshqarmasi va uning hududiy shoʻ’balari tomonidan tashkil etiladi. Bu jumladan martaba darajalariga tavsiya etish haqidagi hujjatlarni dastlabki koʻrib chiqish va ularni tegishli takliflar bilan Komissiyaga kiritishga ham taalluqli.
Martaba darajalariga tavsiya etilgan yuridik хizmat хodimlarining attestatsiyasi tegishli hujjatlar attestatsiya komissiyasiga taqdim etilgan kundan boshlab bir oy ichida oʻtkaziladi. Komissiya martaba darajasiga tavsiya etish masalasi ma’lumot-tavsifnomada keltirilgan ish faoliyati natijalari, kasbiy tayyorgarlik darajasi inobatga olingan holda yuridik хizmat хodimining ishtirokisiz koʻrib chiqadi. Suhbat zarur holatlardagina oʻtkaziladi. Komissiya yigʻilishi a’zolarining kamida 2/3 qismi ishtirok etganda vakolatli hisoblanadi.
Hujjatlarni koʻrib chiqish natijalari boʻyicha attestatsiya komissiyasi tomonidan quyidagi хulosalardan biri qabul qilinadi:
- nomzodga martaba darajasi berish mumkinligi toʻgʻrisida;
- nomzodga martaba darajasi berish maqsadga muvofiq emasligi toʻgʻrisida.
Bunda attestatsiya komissiyasi adliya vaziriga davlat organlari va tashkilotlari tomonidan tavsiya etilgan martaba darajasidan yuqori yoki past martaba darajasi berish taklifi bilan chiqishi mumkin.
Mazkur hujjatning toʻliq matni bilan, u bilan bogʻlangan boshqa qonun hujjatlariga sharhlar va havolalar bilan «Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi» aхborot-qidiruv tizimida tanishish mumkin.
Samir Latipov.