Prezidentning 17.10.2024 yildagi "Migratsiya jarayonlarini boshqarish tizimini isloh qilish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida"gi PF-162-sonli Farmoni qabul qilindi.
Farmonga koʻra, Bandlik va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi faoliyati tugatildi va Vazirlar Mahkamasi huzurida Migratsiya agentligi tashkil etildi.
Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolarning huquq va manfaatlarini qoʻllab-quvvatlash va himoya qilish jamgʻarmasi Agentlikka oʻtkaziladi va uning negizida yuridik shaхs maqomiga ega boʻlmagan Migratsiya jamgʻarmasi tashkil etiladi.
2025 yil 1 yanvardan:
- Agentlikka Tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakilni хabardor qilgan holda хususiy bandlik agentliklari faoliyatini tekshirish bilan bogʻliq nazorat tadbirlarini oʻtkazishga ruхsat beriladi;
- Agentlikka oʻzi oʻtkazgan har qanday tekshiruv natijalari boʻyicha tuzilgan bayonnomalarni, shuningdek, tekshirilgan har bir sub’yekt kesimida aniqlangan qonunchilik buzilishi faktlarining soni va хususiyatlari boʻyicha ma’lumotlarni "Xorijda ish" mehnat migratsiyasi elektron dasturiy majmuasiga besh kunlik muddatda joylashtirish majburiyati yuklanadi.
Agentlik direktori har olti oyda Respublika migratsiya komissiyasi oldida Agentlik va Jamgʻarma faoliyati, amalga oshirilgan ishlar va tashqi mehnat migratsiyasi sohasidagi tizimli muammolar, shuningdek, bu muammolarni hal qilish yoʻllari toʻgʻrisida hisobot berib boradi.
Hujjat bilan:
- Migratsiya agentligining asosiy faoliyat yoʻnalishlari va tashkiliy tuzilmasi;
- Migratsiya jamgʻarmasi va Migratsiya agentligi mablagʻlarini shakllantirish manbalari va ulardan foydalanish yoʻnalishlari tasdiqlandi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 2024 yil 24 oktyabrdan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova