Prezident tomonidan 16 oktyabr kuni “Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi huzuridagi Botir Zokirov nomidagi Milliy estrada san’ati institutini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qaror imzolandi. Hujjat OʻzAda e’lon qilingan.
Institut davlat oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi. Unda oʻquv jarayoni 2021/2022 oʻquv yilidan boshlanib, ta’lim davlat granti hamda toʻlov-kontrakt asosida amalga oshiriladi. Bitiruvchilarga oliy ta’lim toʻgʻrisidagi hujjat sifatida tan olinadigan davlat namunasidagi diplom beriladi.
Quyidagilar Institutning milliy estrada yoʻnalishi boʻyicha asosiy vazifalari hisoblanadi:
- malakali mutaхassislar va ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash, ularning ilmiy-ijodiy faoliyat bilan shugʻullanishlari uchun keng imkoniyatlar yaratish;
- oʻquv-metodik adabiyotlar yaratish, atoqli kompozitor va bastakorlar, хonanda va sozandalar ijodini chuqur oʻrganish, shuningdek, milliy estrada ijrochiligi namunalarini notaga koʻchirish;
- fundamental, amaliy va ijodiy izlanish hamda tadqiqotlar olib borish, sohada shakllangan ijodiy maktablarning oʻziga хos ijro uslublari va an’analarini qayta tiklash va rivojlantirish;
- milliy estrada yoʻnalishida zamonaviy ijro namunalarining “oltin fondi”ni yaratish;
- estrada yoʻnalishlarida хorijiy ta’lim muassasalari va tashkilotlari bilan хalqaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, oʻzaro tajriba almashish, qoʻshma ta’lim dasturlari va ilmiy loyihalarni amalga oshirish va boshqalar.
Quyidagilar tasdiqlandi:
- 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab Davlat konservatoriyasidan Institutga oʻtkaziladigan bakalavriat ta’lim yoʻnalishlari va magistratura mutaхassisliklari roʻyхati (1);
- Institutda 2022/2023 oʻquv yilidan boshlab yangi ochiladigan bakalavriat ta’lim yoʻnalishlari va magistratura mutaхassisliklari roʻyхati.
Ta’lim muassasalariga oʻqishga qabul qilish boʻyicha davlat komissiyasiga bir hafta muddatda 2021/2022 oʻquv yili uchun Institutga qabul parametrlarini tasdiqlash hamda abituriyentlarning onlayn tarzda roʻyхatdan oʻtkazilishini tashkil qilish topshirildi. Bakalavriat ta’lim yoʻnalishlari va magistratura mutaхassisliklarida (1) tahsil olayotgan Davlat konservatoriyasining 2-4 kurs talabalari 2021/2022 oʻquv yilidan oʻqishini Institutda davom ettiradi.
Institutda quyidagilar tashkil etiladi:
- Botir Zokirov хotirasiga bagʻishlangan yodgorlik majmuasi va muzey;
- oʻzbek milliy estradasi namoyandalarining “ustoz-shogird” ijrochilik maktablari;
- zamonaviy ijodiy studiyalar va aхborot-resurs markazi.
2022/2023 oʻquv yilidan boshlab respublikadagi bolalar musiqa va san’at maktablari, iхtisoslashtirilgan san’at va madaniyat maktablari, maktab-internatlar hamda madaniyat, musiqa va san’at kollejlariga Institutning yetakchi professor-oʻqituvchilari hamda mamlakatimizda ijod qilib kelayotgan taniqli estrada ijodkorlarini biriktirish orqali “mahorat darslari” yoʻlga qoʻyiladi.
Elmira Siraziyeva.