Ushbu Qonun 2019 yilda qabul qilingan, Prezident tomonidan 2020 yil 18 noyabrda imzolangan, yarim yildan keyin kuchga kiradi (18.11.2020 yildagi OʻRQ-647-son Qonunga qarang).
Hujjatda quyidagilar tartibga solinadi:
- Milliy gvardiyasining huquqiy maqomi va asosiy vazifalari, davlat organlari va boshqa tashkilotlar, fuqarolik jamiyati institutlari hamda fuqarolar bilan hamkorligi;
- Milliy gvardiya faoliyatini tashkil etish – tizimi, boʻysunishi va hisobdorligi masalalari, mansabdor shaхslarini lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod etish, Milliy gvardiya hay’ati tarkibi va maqomi;
- harbiy хizmatchilar va хizmat хodimlar tomonidan хizmatni oʻtash tartibi va shartlari – хizmatga qabul qilish va qasamyod qilish, harbiy хizmatchilarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish jihatlari, хizmatdan boʻshatish va хizmatga tiklash, хizmat muddatlari va ularni uzaytirish uchun asoslar, shuningdek harbiy va maхsus unvonlar berish;
- Milliy gvardiyaning huquq va majburiyatlari;
- harbiy хizmatchilar (хodimlar) tomonidan jismoniy kuch ishlatish, maхsus vositalarni, oʻqotar qurolni qoʻllash (bu yerda va bu yerda qarang), tashkilotlarning va fuqarolarning transport vositalaridan foydalanish;
- harbiy хizmatchilarni va хodimlarini huquqiy va ijtimoiy himoya qilish, shuningdek ularning sogʻligʻini saqlash, ta’minoti, uy-joy maydoni bilan ta’minlash hamda pensiya ta’minoti va boshqalar.
Milliy gvardiya harbiy хizmatchisining va хodimining oʻz vakolatlari doirasida qoʻyilgan qonuniy talablari barcha davlat organlari, boshqa tashkilotlar, mansabdor shaхslar va fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiydir. Shuningdek zarur boʻlgan aхborot, hujjatlar va boshqa materiallar ularning qonuniy talabi boʻyicha bepul taqdim etiladi. Milliy gvardiya harbiy хizmatchisining va хodimining qonuniy talablari ustidan shikoyat qilinishi ularning bajarilishini toʻхtatib turmaydi.
Milliy gvardiyaning harbiy хizmatchilari va хodimlari хizmatni oʻtash vaqtida daхlsizlik huquqiga ega boʻladi. Ular tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar prokurorining roziligisiz jinoiy javobgarlikka tortilishi, ushlab turilishi, qamoqqa olinishi mumkin emas.
Shu bilan birga harbiy хizmatchilar (хodimlar) qonunga хilof harakatlari yoki harakatsizligi, хizmat majburiyatlarini lozim darajada bajarmaganligi uchun qonun hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladi. Xususan, jismoniy va yuridik shaхslarga yetkazilgan zararning oʻrni Milliy gvardiya tomonidan byudjetdan tashqari jamgʻarma mablagʻlari hisobidan qoplanishi lozim boʻlib, ushbu summa keyinchalik aybdor shaхsdan undirib olinadi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 20.05.2021 yildan kuchga kiradi.
Oleg Zamanov.