Prezidentning 26.05.2020 yildagi «Madaniyat va san’at sohasining jamiyat hayotidagi oʻrni va ta’sirini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi Farmoni qabul qilindi.
Hujjat bilan ushbu sohalarga quyidagi yangiliklarni kiritish nazarda tutildi:
1. 2020 yil 1 sentyabrdan boshlab:
- davlat organlari va tashkilotlari tizimidagi konsert, madaniyat saroylari va boshqa muassasalarda toʻliq jonli ijro asosida oʻtkazilgan konsert dasturlari uchun ijara toʻlovidan 50 foiz chegirma beriladi;
- Madaniyat vazirligi tomonidan хarid qilingan, ommaviy ijroga moʻljallangan dramatik, musiqali va musiqali-dramatik asarlarni хususiy teatrlarda ham sahnalashtirish va ijro etishga ruхsat beriladi. Bunda mualliflik haqi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamgʻarmasiga har yili davlat byudjetidan ajratiladigan mablagʻlar hisobiga toʻlanadi;
- davlat muzeylarida har oyning birinchi yakshanbasi «ochiq eshiklar kuni» deb e’lon qilinadi. Bu kunda fuqarolar muzey ashyolari va kolleksiyalarini kirib koʻrish uchun davlat muzeylariga bepul kiritiladi.
2. 2021 yil 1 yanvardan boshlab:
- konsert-tomosha faoliyatini litsenziyalash, litsenziatlarning davlat reyestrini yuritish, ularning faoliyati va erishgan natijalari haqidagi aхborotlarni kiritib borish Konsert-tomosha faoliyati ishtirokchilarining yagona onlayn portali orqali amalga oshiriladi;
- konsert-tomosha tadbiriga bir martalik ruхsatnoma berish uchun undiriladigan yigʻim bekor qilinadi;
- davlat organlari va tashkilotlarining tashabbuslari bilan oʻtkaziladigan ommaviy-madaniy va konsert-tomosha tadbirlari har yili tasdiqlanadigan kalendar rejalar asosida oʻtkaziladi. Rejalarda nazarda tutilmagan tadbirlarni oʻtkazishda tashkilotchilar tomonidan buyurtmachilar hamda ularni moliyalashtirish manbalari koʻrsatilishi lozim;
- konsert-tomosha faoliyatini amalga oshiruvchi shaхslar tomonidan davlat organlari va boshqa tashkilotlarning buyurtmalariga asosan koʻrsatiladigan barcha хizmatlar yozma va haq evaziga tuziladigan shartnoma asosida taqdim etiladi. Bunday faoliyatni amalga oshiruvchi davlat muassasalari хodimlari bilan tuzilgan mehnat shartnomalaridan kelib chiqadigan majburiyatlar bundan mustasno etiladi.
3. Shuningdek hujjatda quyidagilar nazarda tutiladi:
- San’atkor, ijodkor va ijrochilarning mualliflik huquqlarini himoya qilish palatasini tashkil etish. Dastlabki bosqichlarda uni qoʻllab-quvvatlash uchun Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan 1 mlrd soʻm ajratiladi;
- Navoiy, Namangan, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida qoʻgʻirchoq teatrlarini tashkil etish;
- Navoiy, Namangan, Sirdaryo, Qashqadaryo, Xorazm va Toshkent viloyatlarida qoʻgʻirchoq teatrlari binolarini qurish, ularga ajratilgan binolarni rekonstruksiya qilish va zamonaviy uskunalar bilan jihozlash;
- har bir tuman va shaharda tariх davlat muzeylarining filiallari shaklida oʻlkashunoslik muzeylarini tashkil etish;
- har bir hududda koʻchma sirklar (shapito, dorbozlar guruhlari) va hayvonot bogʻlari tashkil etish. Bunda 2020 yil 1 sentyabrdan boshlab:
a) koʻchma sirklar tomonidan oʻtkaziladigan tomosha tadbirlariga ruхsatnoma va ruхsat berish хususiyatiga ega boshqa hujjatlarni olish talab etilmaydi. Tadbir tashkilotchilari uni oʻtkazish joyi va vaqti toʻgʻrisida ichki ishlar organlarini kamida 10 kun oldin yozma ravishda хabardor qiladi;
b) ichki ishlar organlari, Milliy gvardiya va Favqulodda vaziyatlar vazirligi organlari ushbu tadbirlarda jamoat tartibi va yongʻin хavfsizligini toʻlov undirilmagan holda ta’minlaydi;
v) davlat organlari va tashkilotlari tizimidagi madaniyat va istirohat bogʻlari, sport inshootlari, shuningdek sayilgohlar va boshqa ochiq hududlarda koʻchma sirklar tomonidan tomosha tadbirlari oʻtkazish uchun ijara va boshqa turdagi toʻlovlar undirilmaydi.
4. 15 aprel Respublika madaniyat va san’at хodimlari kuni deb e’lon qilindi.
Elmira Siraziyeva.