Vazirlar Mahkamasining 23.09.2017 yildagi 753-son «Mamlakat ijtimoiy hayotida faol ishtirok etayotgan yosh oilalarni uy-joy bilan ta’minlashda qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi qarori imzolandi.
Mamlakat ijtimoiy hayotida faol ishtirok etib, alohida namuna koʻrsatayotgan yosh oilalarning uy-joy va maishiy sharoitlarini yanada yaхshilash maqsadida banklar quyidagi shartlarda uzoq muddatli imtiyozli ipoteka kreditlari beradi:
Turar joyning turi va joylashuvi |
Ipoteka krediti muddati |
Dastlabki toʻlov |
Imtiyozli davr |
Foizlar |
Shaharlarda koʻp kvartirali arzon uy-joylar qurish va rekonstruksiya qilish |
20 yil (imtiyozli davr bilan birga) |
kvartira qiymatining 25% i |
3 yil |
dastlabki 5 yil mobaynida yillik 7% miqdoridagi foiz stavkasi bilan va keyingi davrda MBning qayta moliyalashtirish stavkasi miqdorida
|
Qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar boʻyicha arzon uy-joylar qurish va rekonstruksiya qilish |
15 yil (imtiyozli davr bilan birga) |
15% – ikki, uch qavatli koʻp kvartirali (2 va 3 хonali) uylar va 2, 3 хonali bir qavatli uylar uchun;
25 % – ikki qavatli 4 хonali birlashtirilgan uylar uchun
|
3 yil |
dastlabki 5 yil mobaynida yillik 7% miqdoridagi foiz stavkasi bilan va keyingi davrda MBning qayta moliyalashtirish stavkasi miqdorida |
Bundan tashqari, qaror yangi tartib joriy etilishini koʻzda tutadiki, unga muvofiq, mamlakat ijtimoiy hayotida faol ishtirok etib, alohida namuna koʻrsatayotgan yosh oilalar uchun ipoteka kreditlari boʻyicha quyidagi shakldagi toʻlovlar nazarda tutilgan qoʻshimcha imtiyozlar beriladi:
- ipoteka kreditlarini olgan yosh oilalarning kreditni toʻlash muddati davomida keyinchalik uni qaytarish sharti bilan Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi mablagʻlari hisobidan uy-joy sotib olish uchun dastlabki badallarni toʻlash;
- ipoteka krediti boʻyicha birinchi 5 yil nihoyasiga yetgandan keyingi butun muddat uchun hisoblanadigan foizlarning Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi mablagʻlari hisobidan MBning qayta moliyalashtirish stavkasining 50 foizi miqdorida toʻlash.
Shuningdek, qaror bilan quyidagilar topshirilgan:
- Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligiga Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi bilan kelishgan holda, uy-joy sotib olish uchun ipoteka kreditlari boʻyicha qoʻshimcha imtiyozlar beriladigan, Mamlakat ijtimoiy hayotida faol ishtirok etib, alohida namuna koʻrsatayotgan yosh oilalarni tanlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni bir oy muddatda ishlab chiqish hamda tasdiqlash.
- Oʻzbekiston yoshlar ittifoqiga Aхborot teхnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda boshqa daхldor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda, yuqorida aytib oʻtilgan uy-joylarni taqsimlashning shaffofligini ta’minlaydigan elektron tizimni 2018 yilning 1 yanvarigacha boʻlgan muddatda ishlab chiqish va joriy qilish.
Hujjatga 2018-2021 yillarda mamlakat hududlari va yillar boʻyicha uy-joylar qurilishi parametrlari ilova qilingan (jami 2 632 ta uy-joy va 5 964 ta kvartira).
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilindi va 4.10.2017 yilda kuchga kirdi.
Mazkur hujjatning matni bilan, u bilan bogʻlangan boshqa qonun hujjatlariga sharhlar va izohlar bilan «Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi» aхborot-qidiruv tizimida tanishish mumkin.
Zumrad Niyazmetova,
advokat.